Eng yaxshi yechimlardan biri – Aydarko’l ko’liga sayohat qilish va “Aydar” nomli yurt oromgohida to‘xtash bo‘ldi.
Biz turmush o’rtog’im bilan Toshkent shahridan ertalab sahar soat 05:00 da orzu qilingan safarga yo‘l oldik, ketdik. Yo‘l uzoq bo‘ldi, taxminan 7 soat, lekin tanamiz qotib qolmasligi, biroz harakatga kelishi uchun to‘xtab-to‘xtab bordik. Eng uzoq vaqt to‘xtagan joyimiz “Jizzax somsasi” deb atalgan joyda bo‘ldi. Uning og‘irligi kamida yarim kilogramm ekan. Ha, yog’li, lekin unda katta miqdorda go’sht bo’laklari va barmoqni kuydiruvchi sho’rva mavjud. Uni yegan odamning kun davomida qorni to’q bo’ladi.
Qizil qumlar va ko‘p sonli saksovullar orqali biz oromgohgacha juda oz masofa qolganini bildik. «Aydar» Qizilqum cho’lida, bizga kerak bo’lgan ko’l qirg’og’idan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu haqiqiy yurt oromgohi bo‘lib, men uni ilgari faqat hamkasblarim va dugonalarimning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ko‘rgan edim – endi esa u ko‘zim oldida turibdi.
Uxlash uchun yog‘och karavotlar bor, ustiga esa toza choyshablar solingan. Chodir ichida bundan boshqa deyarli hech narsa yo‘q – faqat polga to’shalgan milliy gilamlar, xolos. Ammo rozetkalar bor va aloqa ham mavjud. Ishoning, bu yerda bir kecha o‘tkazganingizdan so‘ng sizni faqat shu yerdagi karavot qiziqtiradi.
Dush kabinalari va yana bir muhim xona chodirlardan uncha uzoq bo‘lmagan joyda joylashgan. Agar o‘sha oxirgi xonaga tun yarmida borishni xohlasangiz, yulduzlar nuri ostida yurishga tayyor bo‘ling. Hududda xavfli mayda jonivorlar yo‘q – bunga juda diqqat bilan qarashadi va muntazam dezinfeksiya o‘tkaziladi. Axir, bu cho‘l-ku.
Eng mazali lahzalar quyosh botishi bilan boshlanadi. Sizni o’ziga xos oshxonaga taklif qilishadi, u yerda siz uchun bayramona dasturxon yoziladi. Bu yerda hammaga bir xil tarzda ovqat tortiladi: o‘tinda pishirilgan palov yoki beshbarmoq, bir nechta turdagi salatlar va nonlar. Sizni xushbo‘y issiq choy bilan siylashni, yangi mevalar va shirinliklar bilan mehmon qilishni ham unutishmaydi.
Siz ovqatlanayotgan paytda, chodir devorlari ortida sehrli manzara yuz beradi. Osmon atigi 30 daqiqa ichida yulduzlar bilan bezatilgan gumbazga aylanadi. Bir zumda go‘yo siz ularga – ular esa sizga qaragandek tuyuladi. Somon yo‘lini (Galaktikani) esa oddiy ko‘z bilan ham ko‘rish mumkin. Bu go‘zallikka mahliyo bo‘lgan paytda sizni faqat bitta narsa chalg‘itishi mumkin – bu akinning ovozi, u dutor (chertib chaladigan musiqa asbobi) sadolari ostida o‘zining musiqiy hikoyasini boshlaydi. Siz ovoz tomon yurasiz va aksari sayyohlar bo’lgan mehmonlar – katta gulxan atrofida o‘tirib, har birining o‘z o‘yiga cho‘mganini ko‘rasiz. Ammo musiqa ohangi o‘zgaradi, musiqa ohangi bilan birga atrofdagilarning kayfiyati ham ko’tariladi. Avval mahalliy mehmonlar raqsga tushadi, so‘ng turistlar ularga qo‘shiladi. Yulduzlar kabi porlab turgan tabassumi bilan ular mahalliy aholining harakatlarini takrorlashga harakat qilishadi. Avvaliga ularni tomosha qilasan, lekin bir daqiqa o‘tmay, o‘zing ham raqsga tushayotganingni anglaysan. Qalbing yengillashadi, kulging keladi, shu doirada o‘ynaging keladi. Hatto, raqsga tushish qo’lidan kelishini bilmagan turmush o’rtog’im ham bu hayot bayramiga aralashib ketdi.
Nima deb o’ylaysiz, shunday dasturdan keyin bizga chodirlarning yonidagi uxlash joyi va o‘sha xonalardan boshqa narsa kerakmidi?
Ertalab to‘yimli nonushtadan so‘ng bizni tuyada safari kutardi. Sayr qilishni istaganlar o‘z navbatini belgilab, o‘sha daqiqani kutishardi. Biz qum ustida, saksovul butalari yonidan sekin harakatlanar ekanmiz, tuya haydovchisining bu yerda qanday o‘simliklar o‘sishi va kimlar yashashi haqidagi hikoyasini tingladik. O’zimiz esa faqat bitta jerboa (cho‘l sichqonchasi) va toshbaqani ko’rdik.
So‘ng mashinaga o‘tirdik va Aydarko’l tomon yo‘l oldik. Cho‘l o‘rtasida shunday mo‘l-ko‘l, hayotbaxsh vohani ko‘rish – hayratlanarli manzara edi. Ko‘lning o‘zi juda katta, go‘yo dengiz kabi – uzunligi 200 kilometrdan ortiq, eni 30 kilometr, o‘rtacha chuqurligi esa 13 metrni tashkil etadi.
U 1970-yillarda suv omborlaridan ortiqcha suv oqib kelishi natijasida paydo bo‘lgan.
Aniq aytish kerakki, biz bu yerga sentabr oyida bordik – havo harorati ideal edi, 30 °C dan biroz yuqori. Quyosh qizdirmaydi, suv iliq.
Sohil toza, yotish joylari (lezaklar) va soyabonlar bor.
Eng katta afzalligi shundaki, siz bu yerda bo‘lgan paytda ko‘l deyarli faqat sizga, agar siz guruh bilan kelgan bo‘lsangiz va siz bilan birga bu go‘zallikdan bahramand bo‘layotgan odamlarga tegishli bo‘ladi. Suv yumshoq va biroz sho‘r, ho‘l qum esa yanada to‘q rangga kiradi.
Oramgohga qaytganimizda esa bizni nihoyatda mazali, dilni yayratadigan tushlik kutib turgan edi. Agarda 16 soat avval, kechki ovqat paytida bu yerda shovqin-suron bo‘lgan bo‘lsa, endi esa hamma jim holda, katta ishtaha bilan ovqatlanar edi. Biz nafaqat non bilan, balki ko‘rgan manzaralar bilan ham to‘yingan holda, asta-sekin yo‘lga chiqishga tayyorlana boshladik. Uyga qaytish yo‘li tezroq bo‘ldi, endi o‘sha ulkan somsani olish uchun to‘xtamadik. Faqat imkon qadar tezroq karavotga yetib borish, mamnunlik bilan nafas olib, shirin uyquga ketish, tushingda esa o’sha porlab turgan yulduzlar seni hamrohing bo’lishini istar ekansan.