Buxoro biennalesining mavzusi – «Singan yuraklar uchun retseptlar». Aytilishicha, Buxoro hukmdorining o‘g‘li oddiy oiladan chiqqan qizga oshiq bo‘lgan. U tuyg‘ularini atrofdagilardan yashirgan va sog‘inch uni butunlay holdan toydirgan. «Avitsenna» nomi bilan mashhur bo‘lgan buyuk olim va tabib Abu Ali ibn Sino esa yordam berishga bel bog‘lagan. G‘amgin shahzodaga navbatma-navbat shahar mahallalarining nomlarini aytib chiqishgan va uning sevgilisi yashagan mahalla nomi tilga olinganda, yigitning yurak urishi tezlashib ketgan. Ibn Sino ularni unashtirishni taklif qilgan, shuningdek, tuyg‘ular bilan o‘zini holdan toydirgan yigit quvvatini tiklashi uchun to‘yimli taom – palovni o‘ylab topgan.
Ha, ovqat mavzusi ekspozitsiya va dasturda muqarrar tarzda yangradi – ba’zan ochiq, ba’zan esa yashirin holda. Biennaleda “Oshqozon” loyihasi ishlamoqda (o‘zbek tilidan tarjimada – oshqozon) – bu kafe-metafora bo‘lib, unda O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan kelgan bosh oshpazlar taomlar yaratadilar va ularni ma’ruzalar, mahorat darslari va performanslar bilan boyitadilar.

Kurator Diana Kempbellning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rgazma formati – «bu san’at va madaniyatning butun Buxoroga yoyilgan ulug‘vor ziyofatidir. U XIV asrdagi Temuriylar davri bayramlarini eslatadi, o‘sha paytlarda san’at, musiqa, she’riyat, raqs va ziyofatlar oylar davomida davom etishi mumkin edi».
Buxoro biennalesi 2025-yil 20-noyabrgacha o‘tkaziladi. Agar siz san’at obyektlari, installyatsiyalar va boshqa ekspozitsiyalar bilan tanishmoqchi bo‘lsangiz, pavilyonlarga 10:00 dan 22:00 gacha tashrif buyuring (dushanbadan – dam olish kunigacha). Ko‘cha obyektlarini esa istalgan vaqtda ko‘rish mumkin.
Garchi O‘zbekiston, xususan Buxoro, o‘zining gastronomik an’analari bilan haqli ravishda mashhur bo‘lsa-da, ammo bu san’at festivali faqatgina oshpazlikka bag‘ishlanadi deb o‘ylash xato bo‘lardi.
Kuratorlar e’tiborni insoniy kechinmalar va ularni yengib o‘tish usullariga qaratdilar. Odamlarda har doim og‘riqqa sabablar yetarli bo‘lgan, Buxoroning qadimiy, ba’zan esa ancha eskirgan binolari bu haqda istalgan so‘zdan ham ko’ra yaxshiroq eslatib turardi.
2025-yilgi biennale go‘yo o‘ziga xos davo vositasi – qadimiy shaharni saqlab qolish va qayta tiklashga urinish sifatida namoyon bo‘ladi.
Biennalening asosiy o‘ziga xosligi shunda edi-ki, taklif qilingan rassomlar – xorijlik ham, o‘zbek rassomlari ham – mahalliy ustalar bilan chambarchas ishladilar. Ular o‘z loyihalarini aynan shu yerda, O‘zbekistonda, mintaqa uchun odatiy materiallardan yaratishlari kerak edi. Aynan shuning uchun ham ismlari odatda dunyodagi eng yirik muzeylar afishalarida ko‘rinib turadigan odamlarning Buxoroga kelgani katta taassurot qoldirdi.
Ular orasida Angliyada qanotlarini yozgan “Shimol farishtasi” va boshqa hayratlanarli ijodiy ishlarning muallifi – britaniyalik haykaltarosh Entoni Gormli ham bor. Buxoroda rassom mintaqada an’anaviy bo‘lgan qurilish materiali – loy va somondan yasalgan massiv xom g‘isht bloklaridan haqiqiy labirint barpo etdi. Rassom shu bloklardan, go‘yo brutallik va modernizmning qat’iy estetikasi ruhida, o‘tirgan, yotgan, jim turgan holda qotib qolgan ko’rinishdagi odam figuralarini yasadi. Balandroqdan va uzoqroqdan qaraganda butun kompozitsiya xotira yodgorligini eslatardi – go‘yo Berlin xotira majmuasining (Holokost qurbonlariga bag‘ishlangan memorial) aks-sadosi kabi.
Yaqin atrofda yana bir e’tiborga molik installyatsiya o‘rnatilgan. Uning mualliflari – Konstantin Lazarev va Ruben Saakyan. Ular Xo‘ja Kalon masjidi hovlisida singan g‘ishtlardan barxan shaklidagi kompozitsiya yaratganlar. Ushbu “cho‘l” manzarasining markazida esa kutilmaganda yashil maysalar o‘sib chiqqan. Bu holat Qoraqum va Qizilqum oralig‘ida joylashgan, hayotbaxsh kuchni o‘zida mujassam etgan Buxoro vohasini eslatadi. Asrlar davomida Buxoro yo‘lda holdan toyib kelgan sayohatchilarni suv va soyasi bilan qarshi olgan. Endi esa u kundalik hayotning sarg‘aygan, kul ranglaridan saxiylik bilan orom bahsh etmoqda.

Sur’at: Andrey Arakelyan.
Idish-tovoqlardan yasalgan art-obyektlari bilan mashhur Hindistonlik rassom Subodx Gupta, deyarli har bir o‘zbek oilasida uchraydigan uy-ro‘zg‘or buyumlaridan – emallangan qozonlar, qopqoqlar, bidonlar va kosalardan bino qurdi. Binoning ichki qismi keramika laganlari bilan bezatilgan, markazida esa peshtaxta va stullar joylashgan. Gupta – pazandachilik ixlosmandi, u, shuningdek, tashrif buyuruvchilarga o‘zining tayyorlagan taomlarini ham taklif etadi (kun va vaqtni biennale dasturidan bilish mumkin).

Sur’at: Andrey Arakelyan.
Poyi-Kalon masjidi orqasida AlMusalla nomli ibodat xona o‘rnatilgan – bu modulli obyekt Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi biennaledan olib kelingan. Inshoot to‘liq holda palma daraxtidan olingan materiallardan yig‘ilgan: karkasi – siqilgan po‘stlog‘idan, arqonlari esa barglaridan tayyorlangan. Ular anor, xina, zarchava, zaytun yog‘i va indigo kabi tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan. Ichkarida erkaklar va ayollar uchun qirqtadan joy mo‘ljallangan, tuzilishi esa salqin soyani yaratish va havoning erkin aylanishini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan. O‘zbekiston biennalesida bu obyekt Buxoroning butun islom olami bilan muloqot ramziga aylandi.
“Loyiha islom me’morchiligi va xotira mavzusidagi kuchli meditatsiyaga aylandi hamda bizning izchillikka va qayta talqin etishga bo‘lgan intilishimizni mukammal to‘ldirdi”, – deydi biennale komissari Gayane Umerova.
Buxoroda mahalliy sur’atchi Behzod Boltayevning loyihasi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Uning ishlari loy plitkalarga bosilgan va karvonsaroy tashqi devoridagi tokchalarga o‘rnatilgan. Behzod bu turkumni vafot etgan otasiga – buxorolik fotografiya maktabi asoschisi Shavkat Boltayevga bag‘ishlagan. Har bir portretda oddiy yuzlarni hamda sokin muhabbat va hurmatning kuchini ko‘rish mumkin. “Shifo” deb nomlangan asar ham – nomi bilan o‘zi haqida so‘zlaydi.
“Biynaleda qatnashish uchun taklif olganimdan bir muddat o‘tib, men shunday tush ko‘rdim: mening suratlarim beton plitada bosilgan emish. «Nega endi kadrlarni keramika ustiga bosmaslik kerak?» – deb o‘yladim men. Shu fikr bilan mashhur kulol Abdulvohid Buxoriyga murojaat qildim. U meni qo‘llab-quvvatladi, uning rafiqasi – kulol Dilnoza Karimova – g‘oyani hayotga tatbiq etishda yordam berdi. Men uchun bu birinchi tajriba edi va tan olaman, oson bo‘lmadi”, – deydi Behzod Boltayev o‘z hissiyotlari bilan bo’lishib.

Sur’at: Vladimir Murudov
Ba’zi asarlar tomoshabinlarni bevosita ishtirok etishga chorlagandek edi. Masalan, rassom Devid Son Tappeser hushtakda – loydan yasalgan hushtakda – chalishni va qisqa kuy yozishni taklif qilgan. So‘ngra shu improvizatsion tovushlar karvonsaroy hovlisidagi dinamiklar orqali yangrab, yagona xor holiga kelgan. Hushtakni esa esdalik sifatida o‘zingiz bilan olib ketish mumkin edi.

Sur’at: Vladimir Murudov.
Biennale yana shunisi bilan qadrliki, ilgari kirib bo‘lmagan bir qator ob’yektlarga eshik ochdi. Endilikda Buxoro aholisi va shaharning mehmonlari 1567 yilda qurilgan Gaukushon madrasasini hamda Xo‘ja Kalon minorasi bilan birgalikda -1598 yilda barpo etilgan Xo‘ja Kalon masjidini -tomosha qilishlari mumkin, bu binolar ajoyib majmua hosil qiladi. Bundan tashqari, afg‘on choy savdogari tomonidan qurilgan Rashid madrasasi va qo‘shni karvonsaroylarning butun bir guruhi ham o‘z darvozalarini ochdi: Ulug‘bek Tamaki Furush (tamaki sotuvchi), Ahmadjon, Ayoz Chinni Furush (idish-tovoq sotuvchi) va Fothillajon.
«Buxoroga birinchi marta kelayotganlar uchun bu -uning me’moriy merosini ko‘rish imkoniyati; mahalliy aholi uchun esa – tanish binolarni yangicha, foydalanish uchun yangi ssenariylari orqali kashf etish imkonidir. Bu yondashuv Buxoro me’morchiligiga xos an’anani davom ettiradi: unga uzoqdan boqish emas, balki u bilan o‘zaro aloqada bo‘lish. Shahar har doim savdogarlar, olimlar, ulamolar yoki sayohatchilar uchrashadigan joy bo‘lgan, shu bilan birga, o‘z aholisining ona uyi sifatida mavjud bo’lgan», – deydi Buxorodagi biennale arxitekturasi bo‘yicha direktor Voel Al Avar.
Pochchaqul Xo‘ja masjidi ham yangi hayotga ega bo‘ldi. Binoni restavratsiya qilib, zamonaviy kutubxonaga aylantirishdi – unda o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi kitoblar mavjud. Bu yerda konditsioner, stollar qulay o’rindiqlar va rozetkalar bor – ya’ni atrofdagi mahallalardan kelgan bolalar uchun o‘qish, mutolaa qilish va shunchaki vaqt o‘tkazish qulay sharoit yaratilgan. Ammo shahar mehmonlari ham bu yerga kirib, O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan rangli, tasvirli nashrlarni varaqlab ko‘rishga arziydi.
Biennalening infratuzilmaga ta’sir ko‘rsatgan bir necha misollari mavjud: masalan, Toqi Telpak-Furushon bozoridan Devoni-Begi xonaqosigacha bo‘lgan yangi piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Ilgari yo‘l transport qismi bilan ajralib turgan ikki piyodalar zonasi endilikda birlashtirildi. Savva Morozov savdo uyi yaqinidagi, hozirda tasviriy san’at muzeyi joylashgan kichik bog’ tartibga keltirildi.
«Buxoro inshootlari uzluksiz restavratsiya qilinib kelgan. Restavratsiyani qanday qilish haqidagi bilimlar avloddan avlodga og‘zaki tarzda, chizmalar va eskizlarga tayangan holda yetkazilgan. Shahar me’moriy merosi – bu muzlab qolgan o‘tmish emas, balki doimiy harakatda bo‘lgan tirik organizmdir», – deydi Al Avar.
Noyabr oyining oxirigacha Buxoroga yo‘l oladiganlar insonlar albatta biennalega tashrif buyurishlari kerak. Tashrif davomida Sizni ba’zi joylarda g‘ishtdan yasalgan barxanlar, ba’zilarida – hushtakchalarning xori, yana bir joyda esa – sobiq masjiddagi kutubxona kutib oladi. Bu yerda zamonaviy san’at qadimiylik bilan bahsga kirishmaydi, balki uni muloyim tarzda to‘ldirib, yangi eshiklar va ma’nolarni ochadi. Buxoroni yangi qiyofada ko‘rish, «Oshkozon» kafesiga tashrif buyurish va biennale yopilishida plov, paelya hamda jolof bilan o‘tadigan guruch madaniyatlari festivaliga guvoh bo‘lish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang.
Dastur bilan rasmiy veb-saytda tanishish mumkin.