Izlash

Bugungi Xo‘jand: Nega bu shaharni sayohat manzillaringizga kiritishingiz lozim

«Arbob» saroyi qush koʻzidan
Surat: Baxtiyor Xasanov

Men Xo‘jandga yo‘l olganimda aniq maqsadim yo‘q edi – faqatgina shaharning o‘zini his qilish istagi bor edi, u esa odatiy sayohat qo‘llanmalarida deyarli uchramaydi. Shahar – “must-see” ro‘yxatlaridan tashqarida, mashhur yo‘nalishlarning soya ostida sirli bo‘lib qolar edi. Ehtimol, aynan shu narsa o‘ziga jalb etar edi.

Mening asosiy kashfiyotim: Xo‘jand – faqatgina me’morchilik va tarix emas, balki o‘zingizni begonadek his qilmaydigan muhitdir. Odamlar yo‘lni ko‘rsatadi, haydovchilar sizga mevalarni taklif qiladi, bozordagi sotuvchilar esa tabassum bilan gastronomik tanishuvni qayerdan boshlashni aytadi. Me’morchiligi jihatidan u biroz Toshkentni eslatadi, ammo tuyg‘ular jihatidan — butunlay boshqacha. Bu yerda hayot yanada osoyishta kechadi, va uning butun jozibasi ham aynan shundadir. 

Agar xaritaga qarasangiz, Xo‘jand — Tojikistonning shimolida joylashgan kichikgina nuqtaday ko‘rinadi. Ammo dovonlardan oshib, tong otganda shaharga kirgan zahotingiz, tushunasiz: bu shunchaki nuqta emas, balki Markaziy Osiyo xaritasidagi eng qadimiy maskanlardan biridir. Rivoyatga ko‘ra, miloddan avvalgi 514-yilda asos solingan bu shahar bugungi kunda ham mamlakatning madaniy, ilmiy va iqtisodiy markazi sifatida qolmoqda. Tojikistonning ikkinchi yirik shahri, So‘g‘d viloyatining ma’muriy markazi – shu bilan birga tinch hovlilari, quritilayotgan o‘riklari bilan ajoyib qulay maskandir. Shahar bo‘ylab Sirdaryo daryosi oqib o‘tadi va uni ikki qismga bo‘ladi.

Bu yerga Xo‘jand xalqaro aeroporti orqali uchib kelishingiz yoki temiryo‘l orqali tashrif buyurishingiz mumkin – temiryo‘l stansiyasi markazdan atigi 12 km. masofada, G‘ofurov qishlog‘ida joylashgan. Ushbu logistika markazi Buyuk Ipak Yo‘li davridayoq muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, shuning uchun ham Xo‘jand hanuzgacha mintaqaning strategik shahri deb ataladi. Bugun u Tojikistonning shimoliga kirish darvozasi va tarixning kundalik hayot bilan uyg‘unlashgan maskani. Aynan shu sababli ham men bu yerga keldim.

Xo‘jandning tarixiy va madaniy obidalari

Men o‘z sayohatimni shaharning tarixi deyarli oyog‘im ostida seziladigan joydan boshladim. Xo‘jand qal’asi 2500 yildan ortiq vaqt davomida urushlar va asrlarni boshidan kechirib, shu yerda saqlanib kelmoqda. Men yaqin atrofdagi bog‘da sayr qildim va hunarmanddan naqshinkor sandiqchani sotib oldim. Shoshilmay devorlar va darvozalar qoldiqlarini, arxeologik topilmalarni tomosha qildim — bularning barchasi insonni sekin yurib, abadiyat haqida o‘ylashga undaydi. Qal’ani kunning istalgan vaqtida ziyorat qilish mumkin (8$).

Xo‘jand qal’asining qush nigohidan (ya’ni yuqoridan) ko‘rinishi
Surat: Didor Sa’dulloyev

Xo‘jand qal’asining sharqiy devorining qayta tiklangan qismida Tarixiy muzey joylashgan. Uning kollektsiyasida taxminan 28 ming eksponat mavjud: keramika, zargarlik buyumlari, tangalar, o‘rta asr kitoblari. Lekin meni eng ko‘p hayratga solgan narsalar gilamlar bo‘ldi. Qiziq tomoni shundaki, aynan Xo‘jandda mamlakatning eng yirik gilam ishlab chiqaruvchi fabrikalaridan biri – «Qayrakkum gilamlari» faoliyat yuritadi, u qo‘l bilan to‘qish an’analarini saqlab kelmoqda.

Xo‘jand qal’asi yonidagi Tarixiy muzey
Surat: Baxtiyor Xasanov

Xo‘jandga kelib, Shayx Muslihidin maqbarasiga tashrif buyurmaslik deyarli imkonsiz. XII asrda yashagan shoir, hukmdor va ruhiy murshid bo‘lib, unga mo‘jizalar bog‘langanligi aytilgan. Avval uni Undji qishlog‘ida dafn qilgan bo‘lishsa-da, shahar aholisi so‘raganidan keyin jasadi Xo‘jandga ko‘chirilgan va maqbara bunyod etilgan. Hozir bu yodgorlik majmuasining bir qismi bo‘lib, unda masjid, 20 metr balandlikdagi minor, shuningdek bir nechta kichik maqbaralar joylashgan. Ko‘plab qayta tiklash ishlari bo‘lishiga qaramay, bino o‘rta asr me’morchiligi xususiyatlarini saqlab kelmoqda. O‘shanda men shunday o‘yladim: agar inson xotirasi mehr bilan saqlansa, u asrlarni yengib o‘tishi mumkin ekan.

“Arbob” madaniyat saroyi – bu noyob me’moriy ansambl bo‘lib, 1950-yillarda Sankt-Peterburgdagi Petergof saroyi namunasi asosida qurilgan. Ilgari uning devorlari orasida kolxozlar ma’muriyati joylashgan bo‘lsa, bugungi kunda bu yerda 800 o‘rinli teatr faoliyat yuritadi. Baland shiftlar, gips ishlari va bezak rasmlari. Bularning barchasi – qo‘l mehnati bo‘lib, darhol e’tiborni tortadi. Shiftlarga binoda ishlagan ustalar, rassomlar va me’morlarning ismlari yozilgan. Yuqori qavatlarda esa amfiteatr va muzey joylashgan bo‘lib, u Tojikistonning muhim tarixiy davri va madaniyati haqida hikoya qiladi. Tashqarisida – yaxshi parvarishlangan xiyobonlar, favvoralar va gulzorlar mavjud.

Shaharning hayotini yaqindan his qilish uchun Panjshanbe yopiq bozoriga tashrif buyuring: ziravorlar xushbo‘y hidi, ovozlar gavjumligi, tog‘dek mevalar va issiq nonlar sizni kutadi. Men sotuvchilar bilan til va imo-ishora aralashmasida savdo qildim – hammasi kulgi va tabassum orqali hal bo‘ldi. Menga mevalar va shirinliklar taklif qilishdi. Aynan shu yerda men sayohat qilishga arziydigan quvonchni his qildim.

Slide 1

Panjshanbe bozorining markaziy kirish qismi

Surat: Baxtiyor Xasanov

Slide 2

Panjshanbe bozoridagi savdo qatorlari

Surat: Baxtiyor Xasanov

Slide 3

Panjshanbe bozoridagi savdo qatorlari

Surat: Baxtiyor Xasanov

Xo‘jand bo‘ylab ekskursiyalar va shaxsiy sayohatlar

Agar Xo‘jandni tashqi ko‘rinishidan emas, balki ichki hayotidan bilishni istasangiz, shaharni aylanib chiqadigan sayohatlardan birini tanlash lozim. Eng mashhuri – Khujand City Tour: unga qal’a, muzey, bozor, “Arbob” saroyi va choyxonada tushlik kiradi. Narxi – guruh uchun har bir kishi 140$ dan yoki shaxsiy ekskursiya uchun 290$.

Tabiatni yoqtiruvchilar uchun Sirdaryo bo‘yida sayr qilish imkoniyati mavjud – ayniqsa iliq fasllarda juda yoqimli. Qayiqni bir soatga ijaraga olish narxi 70$ dan boshlanadi.

Shahardan atigi 20 km. masofada esa Tojikiston dengizi joylashgan bo‘lib, mahalliy aholi uni hanuzgacha «Qayroqqum suv ombori» deb ataydi. Ushbu sun’iy suv ombori 1950-yillarda Sirdaryoni to‘sish natijasida paydo bo‘lgan. Uning o‘lchamlari hayratlanarli: uzunligi 55 kilometr, chuqurligi esa 25 metrgacha yetadi. Sohil bo‘yida plyajlar, sanatoriyalar, bolalar lagerlari va dam olish zonalari joylashgan. Bu yerga nafaqat manzaralardan bahramand bo‘lish uchun, balki davolanish maqsadida ham kelishadi – hatto qo‘shni mamlakatlardan ham.

Men ham u yerga do‘stlarim bilan bordim. Biz katamaranni ijaraga oldik: yarim soatlik sayohat har bir kishiga taxminan 3,5$ ga tushdi. Musiqa ostida suzib, manzaralardan va quyoshdan zavq oldik. Keyin esa katamaranimiz kutilmaganda to‘xtab qoldi va bizni boshqa katamaranchilar tortib olib ketishdi. Bu sayohatdagi kutilmagan, hayajonli, lekin yoqimli lahza bo‘ldi – aynan shunday tasodiflar xotirada uzoq saqlanadi.

Slide 1

Tojikiston dengizi, yoki Xo‘jand yaqinidagi Qayroqqum suv ombori

Surat: Xurshed Tojiboyev

Slide 2

Xo‘jand atrofidagi manzara. Tojikiston dengizi

Surat: Xurshed Tojiboyev


 Xo‘jand gastronomiyasi

“Umar Xayyom” – shaharning eng mashhur restoranlaridan biri. Men ertalab u yerga kirib, juda yumshoq blinchiklar (3 donasi – 1,5$) va tvorogli sirniklar (3 donasi –3$) buyurtma qildim. Kechqurun biz bu yerga yana keldik, menga “Umar Xayyom” nomli maxsus taomni – qo‘ziqorin sousi bilan qatlamali xamirdagi yumshoq mol go‘shtini (9,4$) tavsiya qilishdi va u haqiqatan ham kutilganidek juda mazali bo‘ldi. Do‘stlarim esa quyon go‘shtidan tayyorlangan chaxoxbili (4,6$) buyurtma qilishdi.

“Umar Xayyom” restoranining umumiy zali
Surat: Juraboy Jumayev, “Umar Xayyom” restorani tomonidan taqdim etilgan

Ertasi kuni men “Zaytun” restoranida tushlik qildim. Bu restoran zamonaviy talqindagi tojik taomlariga ixtisoslashgan. Men “Zaytun” sho‘rvasini (1,9$) buyurtma qildim — u achchiq, quyuq bo‘lib, zaytun va qaymoqdan tayyorlangan edi. Qo‘y go‘shtidan tayyorlangan, “Sharshara” deb ataluvchi qovurilgan qovurg‘alar (6,5$) shirali va xushbo‘y bo‘lib chiqdi.

Kechki ovqatni ham aynan shu restoranda qilishga qaror qildim. Kechqurun bu yerda jonli musiqa ijro etiladi, qo‘shiqlar tojik va rus tillarida yangraydi. Men file steyk-minyon, yo‘lbars qisqichbaqasi solingan “Sezar” salati va bir necha gazak buyurtma qildim. Kechki ovqat umumiy hisobda 200 somoni bo‘ldi. Shinam va iliq muhit.

«Zaytun» restoranining sharqona uslubdagi zamonaviy zali
Surat: Xabib Bahromiy, “Zaytun” restorani tomonidan taqdim etilgan

Qayerda tunash mumkin

Xo‘jandda shuningdek premium darajadagi mehmonxonalar ham mavjud – men ularni ataylab borib ko‘rib chiqdim. Agar nonushta va boshqa maishiy tashvishlarni o‘ylashni istamasangiz, bunday joylarga borishga arziydi. Besh yulduzli Parliament Palace Hotel’da keng ikki kishilik xonalar va Sirdaryoga qaragan panoramali manzaralar mavjud (98$), ikki kishilik hashamatli pentxaus esa 260$ turadi. Khujand Grand Hotel 4* ham juda shinam. Ikki kishilik xona bir kecha uchun 60$ dan boshlanadi.

Slide 1

Parliament Hotel mehmonxonasidagi pentxaus-apartamentining yotoq xonasi

Surat: Parliament Media

Slide 2

Parliament Hotel pentxaus-apartamentidagi yotoqxona

Surat: Parliament Media

Slide 3

Parliament restoranda ikki kishilik stol, Sirdaryo daryosiga qaragan manzarasi bilan

Surat: Parliament Media

Slide 4

Parliament restoranida o‘zbek, tojik va Yevropa taomlaridan iborat bufet

Surat: Parliament Media

Slide 5

Parliament restoranida o‘zbek, tojik va Yevropa taomlaridan iborat bufet

Surat: Parliament Media

Slide 6

Parliament restoranining umumiy zalida

Surat: Parliament Media


Qanday yetib borish mumkin

Biz Toshkentdan mashinada bordik – yo‘l taxminan 4-5 soat davom etdi – tog‘ yoʻllari, go‘zal manzaralari va choy ichish uchun to‘xtash joylaridan o‘tdik. Chegarada mashinani almashtirishga to‘g‘ri keldi: keyin bizni mahalliy haydovchi olib bordi, u bilan joyida kelishib oldik. Bu arzonroq va qulay variant bo‘ldi. Ammo agar men sayohatni oldindan rejalashtirganimda yoki bolalar bilan sayohat qilganimda, ehtimol boshqa yo‘lni tanlagan bo‘lar edim.

Ko‘proq qulay va aniq jadvalga ega boʻlishni istaganlar uchun Moskva, Istanbul, Olmaota va Dushanbedan Xo‘jandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar mavjud. Narxlar mavsumga qarab farq qiladi: Moskva – bir yo‘nalishda 200$ dan 350$ gacha, Istanbul yoki Olmaota – 150$ dan 250$ gacha. Eng qulay yo‘nalishlardan biri – Dushanbe orqali, u yerdan Xo‘jandga parvoz atigi bir soat davom etadi.

Xo‘jand aeroporti kichik, ammo zamonaviy: hamma narsa tartibli ishlaydi, xodimlar muloyim, yuk esa tez yetkaziladi. Bu shaharga chiqish uchun yaxshi nuqta, ayniqsa birinchi bor kelayotganlar va qulaylik bilan tanishishni istaganlar uchun.

Qanday yetib borish mumkin

Valyuta: Tojik somoni (TJS). Pulni banklarda yoki katta mehmonxonalarda almashtirish qulayroq.

SIM-karta: Aeroportda va Tcell hamda MegaFon ofislarida sotiladi. Internet paketi 5-10 GB – 3$ dan 5$ gacha turadi.

Shahar bo‘ylab harakatlanish: Eng qulay yo‘l – Yandex Go va Indriver ilovalari orqali taksidan foydalanish. Sayohatlar o‘rtacha 1$ dan 3$ gacha turadi. Sohil hududida arqonli temir yo‘l (kanatka) ishlaydi – qisqa, lekin manzarali.


Maqola Travel+Leisure Central Asia jurnalida (2025-yil iyul oyida) chop etilgan












Aloqador Maqolalar