Izlash

Dubay osmono’par binolarsiz: tog’ yo’llari, sahro shafaqi va yulduzlar ostidagi tunlar

Kuzda Dubay o’zining yangi qiyofasini ochadi. Issiq yoz o’rniga iliq quyosh, yoqimli kunlar keladi. Demak, endi shahar chegarasidan chiqish vaqti yetdi.

Fotosuratlar Dubai Tourism tomonidan taqdim etilgan

Atigi bir-bir yarim soat yo’l bosasiz – osmono’par binolar ortda qoladi, atrofni esa tog’lar, sahro qumlari va sokin vohalar o’rab oladi. Bu yerda tongni tog’ cho’qqisida kutib olish, zumrad suvlarning ustida, qayiqda suzish yoki yulduzli osmon ostida, qum tepaliklar orasida tunni o’tkazish mumkin.

Hatta suv omborining zumrad rangli suvlari bo‘ylab qayiqdagi sayr
Surat: Dubai Tourism


Hatta: megapolisdan tog’ cho’qqilariga qadar

Hatta – Hojar tog’laridagi sokin dam olish maskani bo’lib, unda sarguzasht, tabiat va hayotni mahalliy madaniyat bilan uyg’unlashtirish mumkin. Toza havo, osoyishta hayot, tepaliklardagi hayratlanarli manzaralar – uni dam olish uchun eng ideal makonga aylantiradi. Yo’l yoqasida sayr qilish esa arab orikslari (sahro antilopasi), tog’ echkilari yoki noyob qushlarni, shuningdek, misr burgutini uchratishni taqdim etishi mumkin.

Hatta tog’ yo’llari bo’ylab piyoda sayr
Surat: Dubai Tourism


 Har didga mos sarguzashtlar

Hattadagi asosiy sarguzasht markazi – Hatta Wadi Hub. Bu yerda siz ziplaynda darani kezib uchishingiz, o’z kuchingizni qoyalarga tirmashish yoki yoydan nishonga o’q otish orqali sinab ko’rishingiz, shuningdek, tog’ yo’llaridagi sarguzashtli trassalarni yashin tezligida kartlarda uchib o’tishingiz mumkin.

Ziplaynda daradan uchib o‘tish
Surat: Dubai Tourism

Sayr ixlosmandlari uchun 32 km.lik har xil murakkablikdagi piyoda yo’nalishlari, velosipedchilar uchun esa tunu kun ochiq bo’lgan – 52 km.lik bepul trassa yo’l mavjud. Eng zavqlantiradigani esa – Hatta suv omborining zumrad suvlarida kemada suzishdir. Tepalik cho’qqisidagi mashhur Hatta yozuvigacha bo’lgan sayr sizni hayratlanarli manzaralar bilan mukofotlaydi.

Tog’ yonbag’rida joylashgan “Hatta” yozuvi – unutilmas sarguzashtning boshlanishi
Surat: Dubai Tourism

Madaniyat va tarix

Hatta – bu nafaqat tog’lar va faol dam olish joyi, balki boy tarixga ega maskan hamdir. Bu yerda Hatta Heritage Village – toshdan qurilgan uylar, qo’riqlovchi minoralar va qadimiy sug‘orish kanallari bilan tiklangan tog’ qishlog’ini tomosha qilib o’tish mumkin. Uning tor ko’chalarida sayr qilish davomida, ko’p asrlar avval mahalliy aholining qanday yashaganini tasavvur qilish oson.

An’analar Hatta Heritage Village tog’ manzaralari orasida jonlanadi
Surat: Dubai Tourism

Shuningdek, XIX asrda qo‘riqlovchi minorasi sifatida xizmat qilgan, bugungi kunda esa tog‘ tizmalari ustiga panoramali manzarani taqdim etuvchi Hatta 360 observatoriyasi ham hayratlanarli joydir.

Tarix ixlosmandlariga esa Hatta Archaeological Landscape – YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi kutilayotgan arxeologik majmuaga borish tavsiya etiladi.

Qayerda tunash mumkin: chodirdan glamping (hashamatli dam olish lageri)gacha

Hattada har kim o’ziga yoqadigan dam olish turini topadi – yulduzli osmon ostidagi chodirda tunashdan tortib, tog’ manzarasiga ega osoyishta villalargacha.

Yulduzlar ostidagi kemping (ya’ni yulduzlar ostida chodir tikib dam olish)
Surat: Dubai Tourism

Qulaylikni qadrlaydiganlar uchun JA Hatta Fort Hotel mos keladi: keng villalar, qulay uychalar va panoramali manzaraga ega xonalar – to‘liq tinchlik va hordiq muhitini yaratadi.

Noodatiy dam olishni yaxshi ko’ruvchilar esa Hatta Resortsni tanlashlari mumkin. Bu yerda Damani Lodgesdagi zamonaviy uychalarda, retro-avtoulov karvonlarida yoki gumbaz shaklidagi hashamatli chodirlarda tunash mumkin. Ba’zilarida hatto shaxsiy hovuzlar ham mavjud.

Tog’lar ortidagi quyosh botishi va Damani Lodges’ning iliq chiroqlari sehrli muhit yaratadi
Surat: Dubai Tourism

Yolg’izlik va osoyishtalikni orzu qiluvchilar uchun esa Happiness yoki Sunrise Farmsdagi shahar tashqarisidagi uylar – oila yoki do’stlar bilan shahar shovqinidan yiroqda dam olish uchun eng yaxshi tanlov.

Ilhom bag’ishlovchi sahro

Kuz – sahroga sayohat qilish uchun eng qulay fursat. Ayniqsa bu yerda quyoshning botishi hayratlanarli: qumlar oltin rangdan pushtirang va to’q sariq rangga qadar tovlanadi. Sayyohlarni barxanlar orasida jeep-safari, tuya minish, lochinlar parvozi shousi va yulduzlar ostidagi kechki ovqat kutmoqda.

Oltin quyosh botishida tuyalar ustida sayr
Surat: Dubai Tourism

Romantikani sevuvchilar flamingolar va boshqa qushlar yashaydigan Al-Qudra ko’lini yoki muhabbat timsoli va sahrodagi eng suratbop maskanlardan biri — ikki yurak shaklidagi mashhur Love Lake’ni afzal ko’radilar.

Ekologik dam olishni qadrlaydiganlar uchun Dubai Desert Conservation Reserve qo’riqxonasidagi Platinum Heritage sayohat turlari ayni muddao: retro yo’ltanlamas mashinalardagi sayohatlar oryxlar, gazellar va sahro tulkilarini tomosha qilish, tabiat bilan uyg’unlikni saqlash imkonini beradi.

Mintaqa madaniyatini his qilish uchun OceanAir Travels kompaniyasining Al Marmoom Bedouin Experience sayohat turiga borish kerak – bu yerda tuya karvoni, lochinlar ovi va Birlashgan Arab Amirliklarining dastlabki aholisi haqidagi hikoyalar qadimiy an’analar muhitiga olib kiradi.

Al Marmoom Bedouin Experience’dagi lochinlar ovi
Surat: Dubai Tourism

Ko’proq jo’shqinlik izlaydiganlar uchun kvadrotsikllar, dune-bashing (barxanlar bo‘ylab mashinada yurish) va sendboarding – ya’ni oltin qumlar ustida sirpanish (snoubordga o‘xshash) juda mos keladi, faqat qor o’rniga bu yerda cheksiz sahro qumlari mavjud.

Sendbordda qum to’lqinlari orasida
Surat: Dubai Tourism

Sahroda tunash uchun joylar


Sahrodagi tun – unutilmas xotira. Oila bilan dam olish uchun Al-Qudra ko’llari yonidagi kemping eng zo’r tanlov: bu yerda chodir o’rnatib, quyoshning chiqishi va botishini tomosha qilish hamda yulduzli osmonni kuzatish mumkin.

Qulaylik va osoyishtalikni qadrlaydiganlar uchun yulduzlar ostida kechki ovqat, shou dasturlar va sahro jim-jitligi ichidagi chiroyli chodirlarda tunash imkoniyati mavjud bo’lgan Sonara Desert Camp yoqadi.

Quyosh nurlari ostidagi Sonara Desert Camp’ning sahro va qulayligi
Surat: Dubai Tourism

To’liq osoyishtalik va hashamatli dam olishni istaganlar uchun esa faqat kattalar uchun mo‘ljallangan Al Maha Desert Resort – eng yaxshi tanlov. Bu yerda 42 ta xususiy basseynli villa mavjud bo’lib, ular barxanlar manzarasiga uyg’un tarzda joylashgan.

Faol dam olishni yoqtiradiganlar esa Lahbab sahrosiga yo‘l olib, kunduzi qizil qumlarni o‘rganishi, barxanlardan sendbordda sirpanishi, kechqurun esa cheksiz yulduzli osmondan bahramand bo’lishlari mumkin.

Nima uchun shahar tashqarisiga chiqish kerak

Dubay ko’pincha osmono’par binolar va megapolisning hashamati bilan tasavvur qilinadi. Ammo amirlikning haqiqiy jozibasi uning tashqarisida – vaqt sekinlashadigan, tabiatning sokinligi va ulug’vorligi esa inson qalbiga tinchlik hamda ilhom bag’ishlaydigan Hatta tog’larida va cheksiz sahrolarida namoyon bo’ladi.

Hattaga qush parvozidan qarash
Surat: Dubai Tourism

Bu yerda o’zing uchun yangi narsalarni kashf etish oson: noyob hayvonlarni uchratish, noodatiy mashg’ulotlarni sinab ko’rish va mintaqaning madaniyati hamda tarixi bilan yaqindan tanishish mumkin.

Sayohatni qanday rejalashtirish kerak

Eng yaxshi variant – shahar hayotining jo’shqinligi va tabiat osoyishtaligini uyg’unlashtirishdir. Bir necha kunni Dubayning o’ziga: shopping, gastronomiya va zamonaviy diqqatga sazovor joylar uchun bag’ishlash mumkin. So’ngra tog’ yo’llarini va sahro manzaralarini o’rganish uchun uning tashqarisiga chiqish lozim. Bunday format Dubayni ikki tomondan ko’rish imkonini beradi: bir tomondan o’ta zamonaviy megapolis sifatida, ikkinchi tomondan esa arxitekturasidan kam bo’lmagan holda, tabiati ilhom bag’ishlaydigan va hayratga soladigan maskan sifatida

Aloqador Maqolalar