Sayyohlar tez-tez so‘rashadi: nimaga ba’zi qo‘llanmalarda “Xast Imom” deb yozilgan? Har safar jilmayaman: bu xuddi bir odamning ikki nomi kabi. “Hazrati Imom” — rasmiy, hurmat bilan aytiladigan nom, “Xast Imom” — xalq orasida ko‘proq ishlatiladigan, so’zlashuv tiliga xos variant. Ammo har ikkala nom ham xalq tilida bir xil hurmat va iltifot bilan yangraydi.
Maydon o‘zi — namozgoh hududi
Ikki asosiy musulmon bayrami — Ramazon hayiti va Qurbon hayiti — kunlarida bu yerga minglab mo‘minlar to‘planadi va jamoat bayram namozi o‘qiladi. Ayrim manbalarga ko‘ra, bu hudud 10 000 kishini, ba’zilariga ko‘ra esa 15 000 kishigacha sig‘dira oladi.
Maydon yaqinida, muqaddas yerda, Toshkentning eng qadimiy mahallalaridan biri joylashgan. Bu yerda ikki yuz yillik tarixga ega uylar saqlanib qolgan, shu bois ular ham me’moriy meros sifatida qadrlanadi. Mahalla aholisi — asli toshkentliklar bo‘lib, uylar avloddan-avlodga, otadan o‘g‘ilga o‘tib keladi.
Maydonda uchta asosiy bino yonma-yon joylashgan: Baroqxon madrasasi, XIX asrda qurilgan Tilla Shayx masjidi, Qur’on muzeyi.
“Hazrati Imom” — “muqaddas imom” degani. Bu nom Abu Bakr Qaffol Shoshiyga hurmat va yod sifatida berilgan. U qadimgi Shosh (Toshkent) hududida islom dinining dastlabki targʻibotchilaridan biri bo‘lgan. Ansambl aynan uning dafn qilingan joyi atrofida vujudga kelgan. Uning nomidagi maqbara maydondan biroz narida, Namozgoh bayram masjidi va Islom universiteti yaqinida joylashgan.
Bu maqbara 1542-yilda qurib bitkazilgan bo‘lib, shimolga qaragan peshtoqi bo‘lgan bir gumbazli inshootdir. Binoda g‘arb—sharq va shimol—janub yo‘nalishida ikkita perpendikulyar o‘q mavjud — bu o‘sha davr uchun juda noyob me’moriy yechim edi. Ichkarida to‘rtburchak zal va qabr joylashgan. Bu yerdan darvishlar uchun mo‘ljallangan xonaqoh — yolg‘izlik va tunash joyiga olib boruvchi tor zinapoyalar mavjud. Keyinchalik hovlida ikkinchi zal ham qurilgan.
Baroqxon madrasasi 1532-yilda Shayboniylar sulolasidan bo‘lgan Toshkent hokimi Navro‘z Ahmadxon tomonidan asos solingan. Dastlab bino xon va uning otasi uchun maqbara sifatida mo‘ljallangan edi. Keyinchalik unga madrasa qo‘shilgan bo’lib, bu yerda bolalar 15 yoshdan o‘qishni boshlagan va ko‘pincha 30 yoshdan oshganda ta’limni tugatib, o‘sha davrning yirik ulamo va mutafakkirlariga aylanishgan.
Tilla Shayx masjidi yorug‘ va keng; ikki alohida zal va mehroblari mavjud bo‘lib, ular ravoqlar bilan bog‘langan. Yaqinda unga yozgi, L-shaklidagi ayvon ham qo‘shildi.
Muqaddas Qur’on muzeyi qayta tiklangan Muyi Muborak madrasasida joylashgan bo‘lib, binoning o‘zi XVI asrga mansub. Bu yerda islomdagi eng muhim qadamjolardan biri — Usmon xalifa Qur’oni (VII asr) saqlanadi. Rivoyatlarga ko‘ra, unda xalifaning qon izlari saqlanib qolgan. Qur’on maxsus harorat va namlik nazorati ostidagi sarkofagda saqlanadi va uning asl nusxa ekanligi YUNESKO tomonidan tasdiqlangan.
Aytishlaricha, madrasada Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning soch tolasi ham saqlanadi. An’anaga ko‘ra, bu sochlar ularning vafotidan so‘ng kesilib, butun musulmon dunyosiga tarqatilgan. “Muyi Muborak” nomining o’zi ham “Payg‘ambar sochining muborak tolasi” degan ma’noni anglatadi.
Keyinchalik ansambl tarkibiga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi binosi va juma masjidi ham qo‘shilgan. Hazrati Imom Jome masjidi butun majmuaning boshida, yo‘l bo‘yida joylashgan. Masjid minoralari shahardagi eng baland minoralardir. Mening ustozim Dilbar Abdunabiyevaning aytishicha, ularning balandligi 58,5 metrga yetadi, biroq aksariyat manbalarda bu raqam 53 metr deb ko‘rsatilgan. Masjid ichida esa Turkiyada aynan shu bino uchun to‘qilgan, nihoyatda chiroyli choksiz gilam to’shalgan.