Izlash

Markaziy Osiyoda to‘y an’analari

Kuz fasli bizning mintaqamizda an’anaviy tarzda to‘y mavsumining qizg‘in davri bilan bog‘lanadi.

Markaziy Osiyo – bu to‘y marosimlarining asrlar davomida shakllanib, o‘zida ko‘chmanchi urf-odatlarni, forsona nafislikni, islom qadriyatlarini va Buyuk Ipak yo‘li madaniyatining rang-barangligini mujassam etgan olamdir. Barcha marosimlarga rioya qilinsa, bu kabi tantanalar bir oydan olti oygacha davom etishi mumkin. Biroq hozirgi kunda barcha urf-odatlar to‘liq shaklda bajarilmaydi.

O‘zbek to‘yi

An’anaviy o‘zbek to‘yi “sovchilik” – ya’ni sovchilar yuborishdan boshlanadi. Kuyov tomonning qarindoshlari kelin tomonning uyiga tashrif buyuradilar. Agar ikki oila rozilik bildirsa, “non sindirish” marosimi o‘tkaziladi. Bu ramziy urf oila o‘rtasida kelishuv tuzilganini anglatadi va “fotixa to‘y” – nikoh e’lon qilinadigan sana belgilanadi.

Bu kunda uy atrofini yangi pishgan non va sharqona shirinliklarning yoqimli hidi ufurib turadi. Kelinga tilla taqinchoqlar hamda “bosh-oyoq sarpo” – ya’ni boshidan to oyog‘igacha to‘liq liboslar to‘plami sovg‘a qilinadi. Dasturxonda to‘y holvasi va o‘zbek shirinliklari bezak bo‘lib turadi – ular yangi hayotning “shirin” bo‘lishini ramziy ma’noda ifodalaydi. Kuyov tomonidan “qalin puli” – kelin uchun to‘lanadigan to‘y badali keltiriladi. Buning evaziga esa kelin tomondan sovg‘alar va hashamatli choponlar taqdim etiladi.

Tong otganda kelin tomon erkaklari “qiz oshi” – ya’ni “nahor oshi”ni tayyorlaydilar. Katta laganlarda osh tortiladi, va bu dasturxonga faqat erkaklar o‘tiradilar. Shu kuni ayollar uchun alohida “qiz bazmi” – dugonalar davrasi o‘tkaziladi.

Shundan so‘ng eng hayajonli on – kelin va kuyovni kutib olish marosimi: karnay va surnay sadolari yangraydi, kuyovning uyiga kirish yo‘liga rang-barang matolardan tikilgan “poyandoz” to‘shaladi – u yangi oilaviy hayot yo‘lini ifodalaydi.

Rasmiy nikohdan o‘tganidan so‘ng “nikoh” – diniy marosim o‘tkaziladi. Ayrim hududlarda juda samimiy bir urf saqlanib qolgan: kuyov avval asalni ta’tib ko‘radi, keyin kelinni ham asal bilan siylaydi. Shundan so‘ng ular birgalikda yangi oynaga qaraydilar – bu esa ularning kelajakdagi hayoti shirin va totuv bo‘lishini ifodalaydi.

Asosiy tantana “to‘y” – bu ko‘p sonli mehmonlar, milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar bilan o‘tadigan keng qamrovli bayramdir. Uning maqsadi – jamiyat oldida yangi oilaning tuzilganini tantanali ravishda e’lon qilishdir.

Alohida e’tiborli marosimlardan biri bu “kelin salom” – kelinning kuyov tomoni oilasiga ta’zim qilishidir. Bu oddiy salomlashuv emas, balki hurmat va ehtirom ifodasi bo‘lib, buning evaziga kelin sovg‘alar hamda duolar oladi.

Qozog‘iston to‘yi

Qozog‘istonda “qudaliq” – ya’ni sovchilik marosimi, to‘y rasm-rusumlarining eng muhim bosqichi hisoblanadi. Ilgari zamonlarda nikoh haqidagi kelishuv hatto bo‘lajak kelin-kuyov tug‘ilmasidanoq tuzilishi mumkin edi. Hozirgi kunda esa barchasi yoshlarning uchrashuvidan boshlanadi. Agar ular bir-birlariga yoqsa, kuyovning ota-onasi kelin tomonning uyiga boradilar. Dasturxon atrofida ikki oila taqdiri hal bo‘ladi, chunki qozog‘ an’analarida nikoh – bu nafaqat ikki yurak, balki ikki urug‘-aymoqning ittifoqidir.

Rozilikka erishilgach, eng chiroyli marosimlardan biri – “sırğa salu”, ya’ni “sirg‘a taqish” amalga oshiriladi. Bo‘lajak kelinga tilla taqinchoqlar sovg‘a qilinadi. Shundan keyin “qalin” – kelin uchun to‘lanadigan to‘y badali belgilanadi. Shu kundan boshlab u kuyov oilasining a’zosi hisoblanadi.

Qozoq to‘yi odatda ikki katta marosimdan iborat bo‘ladi: biri kelinning uyida, ikkinchisi esa kuyovning uyida o‘tkaziladi. Eng hayajonli va samimiy lahzalardan biri bu “qiz uzatu” – kelinni ota uyidan kuzatish marosimi. Bu kunda kelin turmushga chiqish bosqichini ifoladovchi, boy bezaklar bilan bezatilgan “saukеlе” nomli bosh kiyimda namoyon bo‘ladi.

Qozoq kelini
Surat: Nurkanat Lukpan

Kuyovning uyida esa “betashar” marosimi o‘tkaziladi. “Bet” – “yuz”, “ashu” – “ochmoq” degan ma’noni bildiradi. Shu paytgacha kelinning yuzi kuyovning qarindoshlariga ko‘rsatilmagan bo‘ladi. Yaxshi tilaklar va dono nasihatlarga to‘la “jirau” qo‘shig‘i sadolari ostida kelin ilk bor yuzini ochadi va yangi qarindoshlariga ta’zim qiladi. Buning evaziga u sovg‘alar va duo oladi – shu tariqa kelinni rasmiy ravishda yangi oilaga qabul qiladilar.

Dasturxon markazini beshbarmoq egallaydi – u qaynatilgan go‘sht, qo‘l bilan yoyilgan xamir va piyozdan tayyorlanadigan milliy taom bo‘lib, katta yog‘och yoki mis laganlarda tortiladi.

Bayram yakunida “aytis” – she’riy musobaqa o‘tkaziladi. Unda “akinlar” ya’ni xalq qo‘shiqchilari va improvizator shoirlar hazil-mutoyiba ohangida bilan yoshlarni madh etib, mehmonlarga latifalar bilan murojaat qiladilar va kechani quvonch hamda kulgu bilan to‘ldiradilar.

Yosh kelin kuyovning uyiga kelgach, o‘ng oyog‘i bilan eshikdan kiradi, kattalarga ta’zim qiladi, so‘ngra o‘tga yog‘ quyadi. Bu urf qizlik davri yakun topib, yangi hayot boshlanayotganini anglatadi. Endilikda ular yangi “Otanasi” (uy o‘chog‘ining onasi) va “Otağasi” (uy o‘chog‘ining otasi) bo‘lishga tayyor. Qabila oqsoqollari kelinni shu niyat bilan duo qiladilar.

Dasht ko‘chmanchilari olov yovuzlik va qorong‘u kuchlardan asraydi, deb ishonishgan. Shu bois o‘tga yog‘ quyish marosimi – bu uyni poklash, himoya qilish va yangi oila o‘chog‘ini yoqish ramzi bo‘lib, bu olov hech qachon so‘nmasin degan tilakni ifodalagan.

Tojikiston

Tojik oilalarida ilgari hattoki kichik yoshdagi yoki yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni unashtirish odati mavjud edi. Bunday sovchilikning ikki turi bo‘lgan: govorabahsh (gaxvorabahsh) – “beshikdan sovchilik qilish”, ya’ni “beshik sovg‘asi”, va domanchok – “kichik yoshdagilarni unashtirish”. Ilgari kelinga tanlovni asosan ota-onalar yoki yaqin qarindoshlar qilgan bo‘lsa, zamonaviy Tojikistonda yoshlar o‘zaro tanishib, mustaqil ravishda oila qurishmoqda. Ammo zamonaviy o‘zgarishlarga qaramay, asosiy an’analar o‘z kuchini yo‘qotmagan. Fotiha marosimi “fotiha” (ya’ni “ochilish”, “boshlanish”) yoki “nonshikanon” (“non sindirish”) deb ataladi. 

An’anaga ko‘ra, to‘y “qalin” – kelin uchun to‘lanadigan to‘y badali topshirilmasdan o‘tkazilmaydi. Bu to‘lov kelinning ota-onasiga beriladi. Ikkala tomonning qarindoshlari sovg‘alar almashadilar: qimmatbaho matolar, shirinliklar, marosim uchun tayyorlangan nonlar va bo‘lajak kelin-kuyov uchun liboslar taqdim etiladi.

Qizning sepini ko‘pincha to‘yga qadar, hatto maktab davridan boshlab yig‘ishadi. Sep orasida alohida o‘rin egallagan narsa – bu “so‘zana”, ya’ni rangli iplar bilan tikilgan bezakli “panno” bo‘lib, u yovuz ruhlar va yomon ko‘zlardan himoya sifatida qaralgan. To‘y arafasida, tayyorgarlikni vaqtida yakunlash uchun, kelinning uyida qo‘shnilar va qarindosh ayollar yig‘ilib, birgalikda tikish va kashtachilik bilan shug‘ullanadilar. Bu jarayon asta-sekin birlik va qo‘llab-quvvatlash marosimiga aylanar edi.To‘y marosimi turli ramziy rasm-rusumlar bilan boyitilgan: “olovni duo qilish”, suv, non va tuz bilan almashish, shuningdek, tez orada farzand ko‘rishga qaratilgan udumlar ham o‘tkaziladi.

Tojikiston tabiat manzarasi fonida baxtli juftlik
Surat: Manuchehr Boboev

Eng ta’sirli daqiqalardan biri – “rubinon”, ya’ni kelinning yuzini ochish marosimidir. U kuyovning uyida, uning qarindoshlari va qo‘shnilari uchun o‘tkaziladi. Yangi kelin bayramona libosda chiqadi, mehmonlarga ta’zim qiladi va yuzini ochadi – bu orqali u o‘zini yangi oilasiga ko‘rsatadi. Ushbu daqiqa ramziy o‘tish bosqichi bo‘lib, qiz endi kattalarning duosini olgan holda yangi uyning bekasiga aylanadi.

Qirg‘iz to‘y dasturxoni

Qirg‘izistonda to‘y tantanasi to‘y kunidan ancha oldin boshlanadi – uning ildizlari qadimiy urf-odatlar va an’analarga borib taqaladi. Birinchi qadam – “jolugushuu”, ya’ni ikki oila o‘rtasidagi uchrashuv va suhbat. Bu yerda kattalar yoshlarning kelajagi, ularning bir-biriga munosibligi haqida maslahatlashadilar. Agar ikki tomon kelishuvga erishsa, kuyovning onasi bo‘lajak keliniga tilla sirg‘a taqadi – bu marosim “söykö saluu” deb ataladi. Bu nozik, hayajonli on – qizning tan olingani va yangi oilaga qabul qilinganining ramzidir.

Keyingi bosqich – “kalin”, ya’ni kuyov tomondan hurmat ifodasi sifatida beriladigan to‘y sovg‘asi. Bu sovg‘a kuyovning nafaqat jiddiy niyatini, balki kelinning urug‘iga bo‘lgan hurmatini bildiradi hamda ikki oilani ishonch va ehtirom rishtalari bilan bog‘laydi.

Alohida o‘rin tutgan marosim – “qiz uzatuu”, ya’ni qizni ota uyidan kuzatishdir. Shu kuni kelin milliy libos kiyadi – boshida baland oq “shökülö” (an’anaviy bosh kiyim) yoki milliy bezaklar bilan bezatilgan zamonaviy to‘y libosida bo‘ladi. Shu paytda yurakni ezuvchi, ammo mehrga to‘la qo‘shiqlar yangraydi, onalar va opa-singillarning ko‘zlarida esa yosh yaltiraydi.

Qirg‘iz milliy to‘y libosidagi kelin
Surat: @keshte.kg

Kuyovning uyida kelinni katta hurmat bilan kutib oladilar. “Kelin körüü” marosimi chog‘ida kelinning ustidan “chachyla” – shirinliklar sochiladi. Bu urf to‘kinlik, shirin hayot va baxtli yashash timsolidir. Shundan so‘ng “jügünüü” marosimi o‘tkaziladi: kelin kuyov tomonining kattalariga ta’zim qiladi, hurmatini bildiradi, buning evaziga esa ular uni duo qiladilar.

To‘y marosimlari muqaddas urf – “nike qiyuu”, ya’ni islomiy nikoh o‘qish marosimi bilan yakunlanadi.

To‘y  dasturxoni  esa – bayramning markaziy bezagiga aylanadi. Unda – tillarang guruch donalari mavjud xushbo‘y palov, qizargan “bo‘rsok”(ya’ni yo‘g‘da qovurilgan kichik non bo‘lagi)lar, nozik yupqa nonlar va eng asosiy taom – katta qozonda pishirilgan yumshoq go‘sht tortiladi.

Turkman to‘y marosimidagi himoya ramzlari

Markaziy Osiyoning boshqa xalqlari singari, Turkmanistonda ham to‘y yo‘li “gudachilik” – ya’ni sovchilik marosimidan boshlanadi. Tomonlar roziligini bildirgach, to‘y sanasi belgilanadi, tayyorgarlik ishlari va kelinning sepini yig‘ish boshlanadi. Bu davrda kelinning liboslariga va uning voyaga yetish jarayoni bilan bog‘liq marosimlarga alohida e’tibor qaratiladi.

Turkman to‘yining bosh ramzi – kelinning libosi “keteni”dir. Bu yorqin qizil ipakdan tikilgan, uzun, nafis kashtali libos bo‘lib, u kumush va oltin taqinchoqlar bilan bezatiladi. Qizil rang – go‘zallik va baraka ramzlarini ifodalaydi, biroq u hasad va “yomon ko‘z”ni ham o‘ziga tortadi, deya hisoblangan. Shu sababli kelinning kiyimi har doim ko‘plab himoya taqinchoqlari va tumorlar bilan to‘ldiriladi – ular yosh kelinni yovuz kuchlardan asrash uchun xizmat qiladi.

Shuningdek, kelin yuzini yopadigan ro‘mol va “kurte” deb ataluvchi ust kiyim kiyadi. Bu kiyimga turli tumorlar tikiladi. Ust kiyimga ko‘mir va tuz solingan uchburchak shakldagi xaltacha ilinar edi. Ular ko‘pchilik xalqlarda himoya va poklikni anglatar edi.

Eng ta’sirli va muhim marosimlardan biri – “bashsalma” bo‘lib, unda qizning bosh kiyimi “taxya” ayollar uchun mo‘ljallangan bosh kiyim bilan almashtiriladi. Bu marosim qizlik davrining yakunlanishi va turmush qurgan ayolning hayotiga o‘tish bosqichini bildiradi.

To‘y marosimining qiziqarli jihatlaridan yana biri – “bit savdosi” deb ataluvchi o‘yin-marosimdir. Unda kuyov tomonning qarindoshlari kelin uyiga tashrif buyurib, hazil-mutoyiba va ramziy tarzda “savdo” qilishadi, bu esa to‘yga quvonch va kulgu baxsh etadi. U nafaqat quvnoq tomosha, balki ikki oila o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlashning ramzi hamdir.

Surat: Dovletgeldi Abdurahmanov, @davinci.vm

Mash’al marosimi

“Yor-yor yorone” (mash’al) – ayrim hududlarda hanuzgacha saqlanib qolgan urf-odat bo‘lib, u zardushtiylik davridan boshlangan deb hisoblanadi. Rasmiy nikoh marosimidan so‘ng kuyov do‘stlari bilan birga o‘z uyiga ziyofat qilish uchun yo‘l oladi. Ular yo‘l davomida qo‘shiqlar kuylashadi. Yo‘llarini esa mash’al (bugungi kunda uning yurak shakli mavjud) bilan yoritishadi.

Bu qadimiy marosimni hozir ham Buxoro, Samarqand, Panjikent shaharlarida, shuningdek Zarafshon sohillarida uchratish mumkin. Ba’zi joylarda marosim davomida kuyov kelinni yelkasiga ko‘tarib, olov atrofida aylantiradi. Shu payt atrofdagilar yangi turmush qurganlarga quyidagi duolar va tilaklarni aytishadi: “Sizni quyosh nuri, yulduzlar jilosi va sham chirog‘i yoritib tursin, boshlaringizdagi toj sizga baxt va nur ato etsin”.

Agar Markaziy Osiyodagi to‘yga tashrif buyurish imkoniyati sizga nasib etsa, uni aslo boy bermang. Bu oddiy marosim emas, balki madaniyat, musiqa, milliy taomlar va mehmondo‘stlikning tirik ensiklopediyasidir.

Chimildiq

Chimildiq – bu xonaning burchagiga tutilgan parda, uning ortida yangi turmush qurganlar yolg‘iz qolishadi, begona nigohlardan yashirinadi. Qadimiy uylarda hanuzgacha devorlarga o‘rnatilgan temir halqalarni ko‘rish mumkin – ilgari shu halqalarga chimildiq matosi bog‘langan. Ikki qalb birlashuvining ramzi sifatida – ikki sham yorug‘ida avval kelinni parda ortiga olib kirishadi. Kelin milliy libosda, yonida esa qarindoshlari va oyimullo bo‘ladi, ular diniy qo‘shiqlar kuylashadi. Kelinning boshiga non tutishadi – bu farovonlik va baraka belgisi. Keyin kelinni parda ortida qoldirishadi, shundan so‘ng xuddi shu tartibda kuyovni ham olib kirishadi. Marosimning muhiti tantanavor va ramziy ruhda bo‘lib, tomosha esa betakrorligi va go‘zalligi bilan kishini maftun etadi.

Material Travel + Leisure Central Asia jurnalining 2025-yil kuzgi sonida chop etilgan

Aloqador Maqolalar