O‘n yildan ortiq vaqtdan beri men sayyohlarni Tojikiston tog‘lariga olib boraman. Agar mendan eng sevimli joying qaysi deb so‘rasangiz, ikkilanmasdan Nejigon, deb javob bergan bo‘lardim. Bu nom tojik tilidan “kiprik” deb tarjima qilinadi. Ko‘l qoyalar orasida joylashgan bo‘lib, unga qaraganingizda go‘yo yarim ochiq ko‘zga o‘xshaydi. Ko‘lning nomi ham aynan shu taassurotdan paydo bo’lgan.
Bu yerga yo’ltanlamas avtomobillarda, Panjikentdan yo‘lga chiqib, Sufiyon va Yangi Qishloq orqali tor yo‘llar bilan kelish mumkin. Ba’zida bu yo‘l ikki-uch soat davom etadi, ba’zida esa yarim kunni oladi.
Nejigon — Marguzor ko‘llari majmuasidagi birinchi ko‘l, ularning umumiy soni yettita. Ko‘l unchalik katta emas: uzunligi taxminan 700 metr, kengligi esa 100 metr atrofida. Dengiz sathidan 1 640 metr balandlikda joylashgan bu maskanning havosi o‘ziga xos — uni boshqa hech qaysi joyning havosi bilan adashtirib bo‘lmaydi.
Suv – alohida hikoya. U kun davomida rangini o‘zgartiradi: ertalab — feruza rang, kunduzi — to‘yingan ko‘k, kechga yaqin esa binafsharang tuslar paydo bo‘ladi. Hatto to‘lqinlardagi ko‘pik ham ko’l minerallari ta’sirida ranglanadi.
Ko‘l ustida qorli tog‘ cho‘qqilari osilib turadi, ular quyoshli kunlarda nurlanib, go‘yo nur toji bilan o‘ralgandek porlaydi.
Bu yerda suzish ham mumkin. Suv salqin va jonlantiruvchi — ayniqsa iyul oyida. Dastlab erkaklar suvga tushib, uni tekshiradi, so‘ngra ayollar — qiyqiriq va kulgu bilan.
Nejigondan keyin biz yana tepaga, dovongacha ko‘tarilamiz. U yerdan ko‘lga go‘zal manzara ochiladi. Men doim sayyohlarga bu yerda biroz xayol surish uchun vaqt ajrataman — chunki bu joy bilan xayrlashish oson emas.