Izlash

Nofin — Haftko‘l kaskadidagi eng uzun ko‘l

U Marguzor ko‘llari zanjirining to‘rtinchisi, mahalliy aholining aytishicha, eng chiroyli va sirli ko‘llardan biri.

Nomi ham o‘ziga xos — Nofin, tojik tilida bu so‘z “kindik” degan ma’noni bildiradi. Ko‘l zanjirning markazida joylashgan bo‘lib, u go‘yo tog‘lar va suvlar o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘inga o’xshaydi. Uning uzunligi 2,5 kilometrdan oshadi.

Nofin dengiz sathidan 1840 metr balandlikda joylashgan, suv yuzasining maydoni esa deyarli 0,5 kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Suvi to’q feruza rangda. Soya tushganida ko‘l siyohdek qorayadi, tongda esa yana och rangga kiradi.

Ko‘lga boradigan yo‘l sharqiy qirg‘oq bo‘ylab o‘tadi. Yozda suv sathi ko‘tarilganida, u suv ostida qolishi mumkin. Men bir necha bor yengil mashinalar bu suv bosgan yo‘l oldida to‘xtab, orqaga qaytganiga guvoh bo‘lganman.

Ko’lning dara ichkarisiga qarab cho‘zilgan qismida kichik bir qishloq bor. Bir nechta uy, ularning ikkitasi mehmon uy — hammasi oddiy. Bu yerda ko‘lning o‘jar fe’lini yaxshi biladigan, lekin baribir uning go‘zalligiga qoyil qoladigan odamlar yashaydi.

Aloqador Maqolalar