XV asrga oid tarixiy, diniy va me’moriy yodgorlik — Langar Ota — Qashqadaryo viloyatining Katta Langar qishlog‘ida, Hisor tizmasi etagida joylashgan. U shaharning shovqinidan, mashhur sayyohlik yo‘nalishlaridan chekkada; xuddi tinchlik izlagan qalblar uchun yashiringan maskandek.
Majmuadagi masjid va maqbara 1448-yilga oid. Bu yodgorlik biror marta restavratsiya qilinmagan bo‘lsa-da, vaqt o‘z izini qoldirgan. Uzoq kutilgan tiklash ishlariga Chikago universitetining Qadimiy madaniyatlar ilmiy instituti (University of Chicago’s Institute for the Study of Ancient Cultures) boshchilik qildi. Mutaxassislar qadimiy poydevorni mustahkamlab, koshin plitkalarni barqarorlashtirdi va tom qismini yangiladi. Butun loyiha qiymati 250 ming AQSh dollarini tashkil etdi.
Bugun Langar Ota yana sayyohlarni va ziyoratchilarni kutmoqda. Bu yerda siz so’fiylik an’analari, qadimiy afsonalar va yashirin sirlar bilan tanishasiz. Aytilishicha, bu zamin ahli — sodda mehnatkash langarliklar — uzoq umr ko‘radi: yuz yil bu yerda odatiy yosh sanaladi.
Mashhur so’fiylar birodarligi maskani va Langar Ota haqidagi boshqa faktlar
“Langar” deb odatda me’moriy-dafn majmualari ataladi. Turli manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida ularning soni yettidan o‘n to‘rtgacha. “Langar” so‘zining bir nechta ma’nosi bor, biroq barchasi bir mazmunga bo‘ysunadi: “langar”, “najot langari”, “sohil”, “panoh”, “so’fiylar maskani”, “oxirgi umid”. Hozirgi davrda keng tarqalgan talqinga ko‘ra, “langar” – bu “Ollohning yer yuzidagi maskani” degani.
Langar Ota majmuasi temuriylar davriga oid nafis sopol bezaklari va gumbazlarni ushlab turgan mohirona o‘yilgan yog‘och ustunlari bilan mashhur. Bu majmua yuksak ma’naviy ahamiyatga ega ziyoratgoh bo‘lib, XV–XVII asrlarda Movarounnahrda boshpana topgan Ishqiya tasavvuf tariqati bilan bog‘liq. Mazkur tariqat vakillari hayotlarini qattiq zohidlikda kechirgan, boylik va dunyo ne’matlariga befarq bo‘lgan, qalblari va niyatlari pok bo‘lgan. Ishqiya tariqatining bosh g‘oyasi — bu Ollohga muhabbat va xizmat yo‘lida yashash edi.
Avvallari bu masjidda Islom tarixidagi eng qadimiy Qur’on nusxalaridan biri — VIII asrga oid Katta Langar Qur’oni saqlangan. Bu Qur’on kufiy yozuvida yozilgan bo‘lib, uzoq vaqt “Usmon Qur’oni” deb e’zozlangan. Hozirda uning saqlanib qolgan sahifalari Toshkentdagi Musulmonlar idorasida saqlanadi.
Yana bir qiziqarli an’ana: mehmonlarga masjid hovlisida yotgan ikki tosh — “erkaklar toshi” va “ayollar toshi” — ko‘rsatiladi. Rivoyatlarga ko‘ra, bu toshlarni tik turg‘azish har kimga ham nasib etavermaydi — faqatgina qalbi pok, gunohsiz insonlargina bunga qodir.
… Bu muborak maskanga yetib borish uchun sizga Toshkentdan to‘rt yuz kilometrdan ortiq yo‘l bosish kerak bo‘ladi. Ammo qachonki dasht o‘rnini tog‘ cho‘qqilari egallasa, havo musaffo bo‘lib, atrofdagi sukunat shaharning qulog‘i uchun g‘ayritabiiy tuyulsa – biling, siz manzildasiz.