Ilgari, internet paydo bo‘lishidan avval reysga ro‘yxatdan o‘tish uchun aeroportga boriladigan vaqtni kutishga to‘g‘ri kelardi. Yaxshi hamki, hozirgi kunda AQShning aksariyat aviakompaniyalarda parvozga kamida 24 soat qolganida onlayn ro‘yxatdan o‘tish xizmatlari taqdim etiladi. Bundan tashqari, elektron pochta yoki SMS orqali eslatma ham jo‘natiladi.
Shunga qaramay, aeroportda ro‘yxatdan o‘tishga odatlanib qolgan ko‘plab yo‘lovchilar bu eslatmalarga e’tibor qaratishmaydi. Savol tug‘iladi: baribir yukni topshirishga to‘g‘ri kelsa, bunchalik vaqtli onlayn ro‘yxatdan o‘tishga ne hojat? Ma’lum bo‘lishicha, bunga bir nechta jiddiy sabablar bor ekan.
Vaqtli ro‘yxatdan o‘tish – yaxshiroq joy tanlash imkoniyati
Chipta sotib olish vaqtida joyni bepul tanlay olsangiz, zo‘r. Ammo odatda ekonom klassda buning imkoni bo‘lmaydi. Pul tejamoqchisiz va qator o‘rtasidan joy tegishiga rozisiz; unda katta ehtimol bilan joyingiz ro‘yxatdan o‘tish vaqtida belgilanadi.
Qanchalik vaqtli ro‘yxatdan o‘tsangiz, oyna oldida yoki yo‘lak tomonda joy olish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Ayrim aviakompaniyalar ayniqsa transferli va tashuvchi almashadigan xalqaro parvozlarda joyni oldindan tanlash imkoniyatini mutlaqo taqdim etmaydi. Hatto qo‘shimcha to‘lov evaziga ham. Bunday holatda qulay joy tanlash uchun birinchi imkoniyat vaqtli ro‘yxatdan o‘tish sanaladi.
Ro‘yxatdan o‘tishga kechiksangiz, reysdan qolib ketishingiz mumkin
AQSH Transport vazirligiga ko‘ra, aviakompaniyalar samolyotda mavjud o‘rinlardan ko‘ra ko‘proq chipta sotish huquqiga ega, bu ayrim yo‘lovchilarning parvozga kelmay qolishi ehtimolini nazarda tutadi. Hamma yo‘lovchilar kelgan va reys to‘lib qolgan taqdirda esa aviakompaniya ayrimlarni navbatdagi reysga o‘tkazishga haqli. Odatda oxirgi bo‘lib ro‘yxatdan o‘tganlardan birinchi bo‘lib joy bo‘shatish so‘raladi.
Yuk topshirasizmi? Vaqtliroq keling
Delta aviakompaniyasi vakiliga ko‘ra, yuk topshiriladigan holatda vaqtli ro‘yxatdan o‘tish alohida ahamiyat kasb etadi. “Amerikadagi ko‘plab aeroportlarda ichki parvozlarda yukni parvozdan kamida 45 daqiqa avval topshirish talab etiladi”, – deya izohlaydi u.
Agar siz AQSH bo‘ylab yuksiz parvoz qilayotgan bo‘lsangiz, samolyot havoga ko‘tarilishiga kamida 30 daqiqa qolgunicha ro‘yxatdan o‘tish kifoya. Nega yuk topshiradiganlar 15 daqiqa avvalroq kelishi kerak? Chunki yuklarni samolyotga ortishdan avval saralovdan va TCA (transport xavfsizligi xizmatlari) ko‘rigidan o‘tkazish lozim.
45 daqiqalik cheklovdan kechiksangiz ham katta ehtimol bilan reysga ulgurishingiz mumkin, ammo yukni bortga ortish imkoniyati bo‘lmaydi va uni qoldirishga to‘g‘ri keladi. Xalqaro reyslar uchun qoidalar yanada qat’iyroq: yuk topshiradigan yo‘lovchilar parvozga kamida 60 daqiqa qolgunicha ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.
Har bir aviakompaniya va aeroportning o‘z qoidalari bor
Aviakompaniyalarda ro‘yxatdan o‘tish vaqti farqlanadi, shu sababli o‘zingiz tanlagan aviakompaniya qoidalarini oldindan aniqlashtirib olish maqsadga muvofiq. Shuningdek, parvoz amalga oshiriladigan aeroportdagi talablar bilan ham tanishib chiqing.
Masalan, Delta ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim aeroportlar aviakompaniyalar tomonidan belgilanganidan ko‘ra vaqtliroq ro‘yxatdan o‘tishni talab qiladi. JFK (Nyu-York) aeroportidan ichki reysda yuk bilan uchayotgan bo‘lsangiz, parvozga kamida 60 daqiqa qolguncha ro‘yxatdan o‘tish kerak. La Guardiya (LGA) aeroportida esa 45 daqiqa oldin o‘tish yetarli.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish bilan ish bitmaydi
Parvozga 24 soat qolganida onlayn ro‘yxatdan o‘tsangiz ham, bu aeroportga parvozga yarim soat qolganda kelish mumkin, degani emas. “Delta ichki reyslarda parvozdan ikki soat oldin, xalqaro reyslarda esa uch soat oldin aeroportga kelishni tavsiya qiladi”, – deydi aviakompaniya vakili. Ro‘yxatdan o‘tish darchasida navbatni kamaytirish uchun aviakompaniya Fly Delta ilovasi yoki delta.com saytidan foydalanishni maslahat beradi. Aksar boshqa tashuvchilar ham ayni tavsiyalarni ilgari surishadi.
Avtomatik ro‘yxatdan o‘tish – tez va qulay
Siz tanlagan aviakompaniyada avtomatik ro‘yxatdan o‘tish funksiyasi bor-yo‘qligini aniqlashtiring. Masalan, Southwest chipta xarid qilish chog‘ida bir tomonga taxminan 15 dollar evaziga EarlyBird Check-In xizmatini taklif qiladi. Anytime toifasidagi tariflarda bu xizmatdan bepul foydalanish mumkin. Xizmat parvozga 36 soat qolganda sizni avtomatik ravishda ro‘yxatdan o‘tkazadi, undan foydalanmaydigan yo‘lovchilar uchun esa ro‘yxatdan o‘tish 24 soat qolgandagina ochiladi. Southwest’da qanchalik vaqtli ro‘yxatdan o‘tsangiz, shunchalik vaqtli joy tanlashingiz va bortga chiqishda navbatning boshiga turib olishingiz mumkin. Bu qo‘l yukiga joy topishni istaydigan yo‘lovchilar uchun muhim.
Singapore Airlines’da “Bronlarni boshqarish” bo‘limida avtoregistratsiya xizmati mavjud – uni chiptani xarid qilgandan so‘ng, parvozga 48 soat qolgunga qadar faollashtirish mumkin. Ushbu xizmat bepul bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tish sizning ishtirokingizsiz amalga oshirilishini kafolatlaydi.
Kechikdingizmi? Aeroportda tezkor ro‘yxatdan o‘tish mumkin
Agar oxirgi lahzada ro‘yxatdan o‘tishga to‘g‘ri kelib qolsa, darcha oldidagi uzun navbatni ko‘rib vahimaga tushmang. Ko‘plab aeroportlarda o‘ziga xizmat ko‘rsatish darchalari mavjud, u yerda mustaqil ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Yirik aeroportlardagi aviakompaniyalar chegarada, ya’ni terminalga kirishdan oldin ro‘yxatdan o‘tish (curbside check-in) xizmatini ham taklif qiladi. Odatda bu yerda navbat kamroq bo‘ladi, tezda ro‘xatdan o‘tib, yukni topshirish mumkin. Bunda xizmat haqqi bir necha dollardan boshlanadi (ba’zida bepul), har bir yuk uchun choychaqa ham nazarda tutiladi.