Mehmonxonani tanlayotganda bir nechta muhim mezonlarga tayaning: qulay joylashuv, xonalar sifati, onlayn bron qilish platformalaridagi boshqa sayyohlarning izohlari va sizning gastronomik didingizga mos oshxona.
Tozalikka va umumiy holatga e’tibor bering — mehmonxona “charchagan” ko’rinishda bo’lmasligi kerak.
Joylashuvga qarang
Agar sayyohlik manzillarini tomosha qilish rejangizda bo‘lsa, mehmonxonani ularga yaqinroqdan tanlang. Agar safaringiz biznes va dam olishni birlashtirsa, uchrashuvlar uchun ham, shaharni o‘rganish uchun ham qulay manzil tanlang. Atrofida sizni qiziqtiradigan shou-rumlar, zargarlik do‘konlari, antikvar do‘konlar borligiga ham e’tibor bering.
O‘ziga xoslikni baholang — bu bugungi zamonaviy mehmonxonalar konsepsiyasining asosiy tamoyillaridan biridir. Buni hashamat bilan adashtirmang: butik-mehmonxonalar ko‘pincha byudjetga mos, lekin o‘ziga xos dizayni tufayli tobora ko‘proq ongli sayohatchilar tanloviga aylanmoqda.
Etnika va uslub
O‘n minglab sayyohlar Samarqanddagi Kosh Havuz Boutique Hotel yoki Toshkentdagi Ichan Qal’a Premium Class’da nafaqat qulaylik, balki o‘ziga xos muhit mavjudligi uchun ham tanlaydi. Bunday mehmonxonalar dizayni va o‘ziga xos ruhi bilan e’tiborni tortadi.
Qulay karavot, yumshoq yostiq va tushunarli servisdan tashqari, aynan tashrif buyurgan yurt kayfiyatini hadya eta oladigan brendlarni tanlang. Dizaynda etnik naqshlar va mahalliy materiallar qo‘llanilishiga, folklor elementlariga ega faolliklarga, menyudagi mahalliy mahsulotlardan tayyorlangan taomlarga va, albatta, mashhur o‘zbekcha nonushtaga e’tibor qarating.
Ekologik mezonlarga amal qiling
Bu – tabiatga va kelajak avlodlarga bo‘lgan hurmatni aks ettiruvchi muhim yo‘nalish. O‘zbekistonda bu tendensiya tobora ommalashmoqda, ayniqsa, mahalliy mahsulotlar foydalaniladigan va mahalliy an’analar targ’ib qilinadigan qishloq hududlaridagi mehmon uylar shaklida.
Bunga misol: Boysun tumanidagi Samira mehmon uyi, Green Canyon Uzbekistan yoki Toshkentdagi YO Guesthouse va Guest House TWINS — ularning barchasi ekologiyaga e’tiborli yondashuvning qulaylik bilan uyg‘unlashishi mumkinligini ko‘rsatadi.
“EKO” maqomini olgan muassasalarni qo‘llab-quvvatlang — bu hozirgi kunda ko‘plab mehmonxonalar uchun sayyohlar talabini qondiradigan va bozor raqobatida ustunlikni ta’minlaydigan zaruratga aylangan.