Izlash

Qozog‘istonning Jetisu hududida Chingizxon jangchilari tomonidan yoqib yuborilgan qadimiy shahar xarobalari topildi

Qozog‘iston janubidagi tarixiy Jetisu hududida o‘rta asrlarga oid erigan g‘ishtlardan iborat xarobalar topildi. Arxeologlarning taxminiga ko‘ra, bu shahar XIII asrda mo‘g‘ullar istilosi davrida vayron qilingan.

Olimlar bu topilmani so‘nggi yillardagi eng muhim arxeologik kashfiyotlardan biri deb atashmoqda. Aftidan, qadimiy shahar Buyuk Ipak yo‘lining bir tarmog‘idagi muhim savdo markazi bo‘lgan. U orqali Xitoydan Markaziy Osiyoga, undan esa Yaqin Sharq va Yevropaga karvonlar harakatlangan bo‘lishi mumkin.

«Biz uzoq yillardan beri hamma izlayotgan o‘rta asrlarga oid shaharni nihoyat topdik! Avvaliga qazilgan maydonda g‘isht devor qoldiqlarini, mo‘jiza bilan saqlanib qolgan minorani ko‘rdik. Keyin esa yer ostidan devor chiqdi — undan o‘rta asrlarga oid erigan g‘isht bo‘laklari bo‘rtib turardi», — deydi «Petroglif ovchilari» Respublika jamoat fondining ijrochi direktori Olga Gumirova.

Olovda kuygan g‘ishtlar nimani anglatadi? Ular bu yerdagi halokatli yong‘in haqida hikoya qiladi, — aynan shunday taktika bilan mo‘g‘ullar o‘z istilolarini olib borishgan. Ular Buyuk Ipak yo‘lidagi gullab-yashnagan shaharlarni yo‘qotishar, yer bilan yakson qilishardi, tiklanish imkoniyatini butkul yo‘qqa chiqarishardi. Chingizxon jangchilari hozirgi Qozog‘iston hududidan 1219–1221 yillarda o‘tgan. Ularning harbiy taktikasi aniq edi: qarshilik ko‘rsatgan aholi maskanlari shafqatsizlarcha vayron qilinar edi.

Hozirda arxeologlar guruhi keyingi ekspeditsiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda — ular shahar xarobalarini batafsil o‘rganish niyatida. Ehtimol, bu yerdan chiqadigan topilmalar shaharning aniq sanasini belgilash va uning tarixiy nomini aniqlashga yordam berar.

Aloqador Maqolalar