Izlash

Samolyotdagi eng xavfsiz o‘rinlar: aviaekspertlar fikri

Unutmang, samolyotning qaysi qismida o‘tirganingizdan qat’i nazar, aviatsiya eng xavfsiz transport turi bo‘lib qoladi.

Mutaxassislarning fikricha, samolyotning orqa qismida, ayniqsa favqulodda chiqish eshigiga yaqin joylashgan o‘rinlar eng xavfsiz hisoblanadi. Falokat yuz bergan taqdirda salonning old qismiga qaraganda bu joylarda tirik qolish ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi.

Garchi aviaparvoz harakatlanishning eng xavfsiz turlaridan biri bo‘lib qolsa-da, yaqinda bo‘lib o‘tgan hodisalar ayrim yo‘lovchilarni bortdagi xavfsizlik haqida jddiyroq o‘ylashga undadi.

Yo‘lovchi laynerlar yuzlab odamlarni sig‘dira oladi. Joylashuv chizmalari samolyot modeli va aviakompaniyaga ko‘ra farqlanadi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: chindan ham nisbatan xavfsiz o‘rinlar mavjudmi? Travel + Leisure jurnali ishonchli javob olish maqsadida aviatsiya sohasidagi yetakchi mutaxassislarga yuzlandi.

Biz suhbatlashgan mutaxassislar:

Jon Xansman — Massachusets texnologiyalar institutida astronavtika va aeronavtika bo‘yicha professor.

Keri Grant – Embri-Riddl universiteti Aviatsiya kolleji dotsenti.

Trisha Fergyuson – aviatsion xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi The Interaction Group kompaniyasi bosh direktori.

Nega samolyotning orqa qismi nisbatan xavfsiz?

MIT qoshidagi Havo tashuvlari xalqaro markaziga rahbari ham hisoblangan Jon Xansman T+L ga samolyotning orqa qismi umumiy hisobda old qismga qaraganda xavfsizroq ekanligini so‘zlab berdi.

Uning qayd etishicha, samolyot qulagan taqdirda uning burun qismi asosiy zarbani qabul qiluvchi amortizator rolini bajarishi mumkin.

Xansmanning aniqlik kiritishicha, har bir aviahalokat o‘ziga xos holat bo‘lib, samolyotning barcha qismlarida xatar ehtimoli birdek mavjud. Buni MIT va Discovery Channel tomonidan 2012-yilda o‘tkazilgan o‘ziga xos tajriba tasdiqlaydi: bir guruh tadqiqotchilar halokat oqibatlarini baholash maqsadida maqsadli ravishda Boeing 727 samolyotida aviahalokat uyushtirib ko‘rishdi.

Natijalarning ko‘rsatishicha, havo kemasining dum qismida joylashgan manekenlar nisbatan zarar ko‘rmagan, o‘rta qismdagilarda shikastlanishlar kuzatilgan. Old qatorlarda yoki birinchi klassda o‘tirganlar esa samolyotdan otilib chiqqan, katta ehtimol bilan ular real falokat chog‘ida omon qolmagan bo‘lardi.

Xavfsizlik – faqat joy emas, xulq masalasi hamdir

Tajriba yana bir narsani tasdiqladi: xavfsizlik kamarlarini taqish va favqulodda qo‘nish chog‘ida to‘g‘ri holatda o‘tirish (boshni tizzaga qo‘yib, qo‘llar bilan oyoqlarni quchoqlagan holda) shikast olish ehtimolini sezilarli kamaytiradi.

Sobiq uchuvchi, instruktor va AQSH Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) xavfsizlik bo‘limi rahbari Keri Grant shunday deb ta’kidlaydi:

“Garchi samolyotning orqa qismi xavfsizroq ekanligiga ishora qiluvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lsa-da, amalda biron joyni mutlaqo xavfdan xoli deb bo‘lmaydi. Hammasi falokat turiga bog‘liq – zarba qayerga yetgan, tezlik qanday, qaysi burchakdan qulagan”.

Haqiqatdan ham yordam beradigan omilni ajratib ko‘rsatish mumkin bo‘lsa, bu – o‘rinning favqulodda chiqish joyiga yaqinligidir. Axir samolyotni zudlik bilan tark etish imkoniyati hayot-mamot masalasi hisoblanadi-da”.

Mutaxassislardan xavfsizlik bo‘yicha tavsiyalar

Bort xizmatchisi tomonidan yoki videoformatda taqdim etiladigan xavfsizlik bo‘yicha yo‘riqnomani diqqat bilan tinglang.

Yopiq oyoq kiyim kiying, shippak emas. Favqulodda evakuatsiya chog‘ida faqat mahkam yopiq oyoq kiyim lozim.

Barcha shaxsiy buyumlaringizni salonda qoldiring – yuklaringizni, hatto telefoningizni ham. So‘nggi yillarda odamlar orasida evakuatsiya chog‘ida jarayonni tasvirga olishga urinish kuzatilmoqda, bu harakatlanishni sekishlashtirib, xalal beradi.

Mutaxassislar ta’kidlashadi: xavfsizlik kamari – himoyaning muhim vositasidir. Imkon qadar doim kamaringiz bog‘langan holatda bo‘lsin.

Xavfsizlik xaritasidagi yo‘riqnomalarni unutmang

Yana bir maslahat – har bir o‘rindiqqa joylashtirilgan xavfsizlik ma’lumotnomalari bilan tanishib chiqing.

Trisha Fergyuson shunday deydi:

“Har bir samolyot va har bir eshik o‘ziga xos ochilish mexanizmiga ega. Shuning uchun doim ma’lumotnoma bilan tanishish va namoyishni kuzatish muhim”.

Shuningdek, u eng yaqin ikkita favqulodda chiqish eshigini va ularga nechta qatordan keyin yetib borish mumkinligini chamalab qo‘yishni maslahat beradi. Salon tutunga to‘lgan yoki samolyot to‘nkarilib qolgan holatda mo‘ljal olish qiyinlashishi mumkin.

Xulosa: har qanday holatda ham samolyot eng xavfsiz transport turidir.

Barcha ehtimollarga qaramay, unutmaslik kerak: aviatsiya eng xavfsiz transport turi bo‘lib qoladi.

Havo transporti xalqaro assotsiatsiyasi (IATA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda 880 ming reysdan faqat bittasida falokat ro‘y bergan.

Aloqador Maqolalar