Izlash

Soya ko‘li: quyosh deyarli yashamaydigan maskan

Nejigon qishlog‘idan yuqoriga qarab ilonizi yo‘ldan ko‘tarilayotganimizda men doim: “Orqaga qaranglar”, – deyman. Shu nuqtadan pastdagi ko‘l go‘yo tosh kaftda siqilgan shisha ko‘zga o‘xshaydi. Ammo sal narida tabiat yana bir mo’jizasini ochadi. Uning nomi — Soya. Ko‘l qoyalar soyasida shunday joylashganki, uning sathida quyosh nuri deyarli ushlanib qolmaydi. Hatto yozning jazirama peshinida ham uning suvi salqin holatda turadi.

Soya — Marguzor ko‘llari majmuasidagi ikkinchi ko‘l. Dengiz sathidan 1701 metr balandlikda joylashgan. Biz bu yerga sayyohlar bilan piyoda yoki yo’ltanlamas avtomobillarda 2 kilometrli egri-bugri tog‘ yo‘li orqali boramiz.

Ko‘lning o‘zi unchalik katta emas: uzunligi taxminan 570 metr, shimoliy qismidagi kengligi esa 217 metrga yetadi. Uning suvi go‘yo tirik jonzotday — har lahzada turli holatda. Bu osmon va yorug‘likka bog‘liq. Ob-havo, bulutlar, quyosh nurlari — ko‘l barchasiga javob qaytaradi. U xuddi ko‘zgudek: bor narsani yashirmasdan aks ettiradi.

Ba’zida sayyohlar so‘rashadi: “Bu qirg‘oqdagi toshlar o’zi nima? Nega bunday yarqiraydi?” Aslida esa bu mashhur “metall toshlar”. Ko‘l tubidagi ushbu minerallar yorug‘likni sindirib o‘tkazadi, shunda suv tubida nimadir yarqirayotgandek tuyuladi. Bolalar jim bo‘lib qoladi, kattalar telefonlarini chiqaradi, men esa shunchaki tomosha qilaman. Chunki bu go‘zallikni birinchi marta ko‘rayotganim yo‘q, biroq har gal uni yangidan kashf qilayotgandek bo‘laman.

G‘arb tomondan Anangoran nomli kichik soy ko‘lga quyiladi — ingichka, deyarli ko‘rinmas jilg‘a. U ko‘lga harakat baxsh etadi, garchi ko‘lning o‘zi harakatsiz qolsa-da, uni go‘yoki jonlantiradi.

Aloqador Maqolalar