Izlash

Yuk yig‘ish bo‘yicha professionalman. Qo‘l yukida olganimdan afsuslanadigan narsalar ro‘yxati

Qo‘l yukini to‘g‘ri yig‘ish bu – faqat kerakli narsalarni olish emas, balki keraksiz narsalarni uyda qoldirish hamdir. Mening xatolarim sizga saboq bo‘lsin, safarda ortiqcha dardisar bo‘ladigan narsalarni olmang.

Sayohatga faqat qo‘l yuki bilan otlanayotganda har bir santimetr qadrli.

Qo‘l yukinig hajmi uchun standart me’yor mavjud: uzunligi – 56 sm, eni – 38 sm, tubi – 23 sm (g‘ildirak va dastasi bilan birga). Bu har bir santimetrdan oqilona foydalanish kerakligini bildiradi. Har bir buyum aniq vazifani bajarishi kerak, aks holda jomadonda unga joy yo‘q. Bu o‘ta qat’iy eshitilishi mumkin, ammo aynan shunday yondashuvga amal qilsangizgina, qayta joylashtirishga zarurat qolmaydi.

Zamonaviy sayohatlarga bag‘ishlangan Just Packed saytining asoschisi hamda yuk yig‘ish bo‘yicha professional sifatida shunday xulosaga keldim: ilgari jomadonimni yorilib ketgunicha to‘ldirib olishimga sabab ishonchsizlik bo‘lgan. Hamma narsaga birdaniga tayyor bo‘lishga urinardim: ob-havo o‘zgarishlariga, dress-kodlarga, turli dasturlarga (tabiat qo‘ynidagi safar uchun alohida, mashg‘ulotlar uchun alohida ust-bosh kerak bo‘lib qolsa-chi? Ikkita ko‘ylakka joy bor, ammo ular kechki ovqatlanish uchun yetarlicha bayramona bo‘lmasa-chi?) Tun o‘tgani sayin rejalashtirish murakkablashib borardi.

Qo‘l yukini to‘g‘ri yig‘ishni rostakamiga o‘rganguncha ancha-muncha xatolarga yo‘l qo‘ydim. Yuk vazni oshib ketgani uchun pul to‘ladim, og‘ir ryukzaklarni sudrab yurdim, bort xizmatchilari o‘rindiq ostiga sig‘mayotgan xaltamga e’tibor berib qolmasin-da, deb yurak hovuchlab o‘tirdim. Ammo tajriba – eng yaxshi muallim. Endi yo‘lga aynan nimalarni olish kerakligini aniq tushunishdan tashqari, nimalarni olmaslik kerakligi bo‘yicha shaxsiy ro‘yxat ham shakllantirib olganman.

Quyida bir vaqtlar qo‘l yukiga qo‘shganim uchun afsuslangan narsalar ro‘yxati keltiriladi. Umid qilamanki, mening xatolarim jomadoningizdagi joyni va asablaringizni tejashda asqatadi.

Yurishga yaramaydigan poshnali tufli

20 yoshimda 15 santimetrli poshna Nyu-Yorkdagi dam olish kunlarining ajralmas qismi, deb o‘ylardim. Shaharda qancha piyoda yurishga to‘g‘ri kelishini va tuflining vaznini esa hisobga olmagandim. Oqibatda ular oqshom oxirigacha ham yaramadi, jomadondagi joy esa hayf ketdi. Hozir poshnali oyoq kiyim olmoqchi bo‘lsam, keng poshnali modellarni (yoz va issiq iqlim uchun ayni muddao) yoki kamarchali orqasi ochiq poyabzal (qish va kuz uchun) tanlayman.

Zil-zambil yomg‘irpo‘sh

Angliyaga to‘rt oylik sayohat davomida biron marta ham yomg‘irpo‘shdan foydalanmadim. Lekin soyabon rosa asqatdi. Yengil trench egnimdan tushmadi, zil-zambil yomg‘irpo‘sh esa jomadonni band qilib turishdan boshqasiga yaramadi. Keyingi gal oson yig‘iladigan ixcham poncho olaman.

Bo‘yin uchun yostiqcha

Ortimdan takrorlang: bo‘yin uchun odatiy yostiqchadan ko‘ra ancha qulayroq variantlar mavjud. Bunday yostiqchada o‘tkaziladigan bir necha soatlik uyqu uning hajmi sabab bo‘ladigan asabbuzarliklarga arzimaydi. Ortiq bunaqa yostiqchani ishlatmay qo‘yganman. Tungi parvozlar uchun AirComfy Ease’dan foydalanaman, boshqa reyslarda esa qo‘l yukida ko‘proq joy qolishi uchun yostiqcha olmaslikni afzal ko‘raman.

Mos kelmaydigan o‘tkazgich

Bir gal Fransiyaga faqat Buyuk Britaniya va Irlandiyaga to‘g‘ri keladigan o‘tkazgich bilan kelib qolganman. Shundan beri doim o‘zim bilan universal o‘kazgich olib yuraman – kim biladi, oxirgi lahzada boshqa davlatga chipta olishga qaror qilib qolsam, asqatadi-da.

Faqat kimyoviy tozalanadigan kiyim

Bitta kiyimni bir necha marta kiyishni mo‘ljallagan bo‘lsangiz, yorlig‘iga qarashni unutmang: kiyim safar vaqtida kirlanib qolsa, tozalash kerak bo‘ladi. Ijara uyda kir yuvish mashinasi bo‘lsa-ku, xo‘p-xo‘p. Ammo kimyoviy tozalash xizmatini qidirish va bir necha kun kutish yaxshi fikr emas. Shundoq kir mashinaga tashlab tozalab olish imkonsiz bo‘lgan kiyimni uyda qoldirgan ma’qul. Muvofiq matolar: paxta, spandeks, neylon. Ular oson yuviladi va tez quriydi.

Teri parvarishi uchun juda ham ko‘p vosita

Teri parvarishi jinnisiman. Uyda aniq tartibga amal qilaman: ertalab – toner, C vitamini, SPF; oqshom – tozalash, retinol va namlantiruvchi vosita. Ammo bularning barini safarga olib chiqish imkonsiz. Ko‘plab qadoqlar TCA me’yorlariga (100 ml.gacha ruxsat) to‘g‘ri kelmaydi. Aeroport xodimi me’yordan atigi bir necha millimetr oshgani uchun qimmat zardoblarimni chiqindiga uloqtirganini ko‘rib qanchalik ezilganim hali ham yodimda.

Endi faqat qo‘l yuki bilan uchadigan bo‘lsam, bitta universal vosita olaman. Masalan, Augustinus Bader’dan The Cream – atigi 15 ml qadoqdagi bu vosita bir nechta vazifani bajaradi: C vitamini, yoshga qarshi zardob va krem. Qadoq qanchalik kichkina bo‘lsa, boshqa narsalarga shunchalik ko‘p joy qoladi.

Lidiya Mensel – trevel-jurnalist va Just Packed sayti asoschisi. Saytda u zamonaviy sayohatchilar uchun yuk yig‘ish bo‘yicha maslahatlar berib boradi. Asosan Buyuk Britaniyaga sayohat qiladi, ammo istalgan manzilga borishga tayyor – yumshoq choyshablar, momiq xalatlar va oliy darajadagi xizmat bo‘lsa bas.

Aloqador Maqolalar