Izlash

Zirhlar, pichoqlar va Amir Temurning so‘nggi qo‘nalg‘asi. Qadimiy Shohruxiyada Temuriylar davriga oid noyob buyumlar topildi

Turkiya va O‘zbekiston Toshkent yaqinidagi qadimiy Shohruxiya shaharchasi xarobalarini birgalikda o‘rganishni boshladi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi ilk keng ko‘lamli arxeologik hamkorlik bo‘lib, u turkiy dunyoning umumiy tarixiy merosini ochib berishda muhim qadam bo‘lmoqda. 2024-yildan beri olib borilayotgan tadqiqotlarda turkiyalik va o‘zbekistonlik arxeologlar, tarixchilar, antropologlar hamda biologlar ishtirok etmoqda.

Arxeologlar qadimiy shahar tarixini har tomonlama o‘rganish bilan birga, uning tarixiy ahamiyatini anglab, yodgorlikni Sayxun daryosi (o‘rta asr manbalarida Sirdaryo shunday atalgan) suvlaridan saqlash, shuningdek, Shohruxiyani YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish masalasini ilgari surishmoqda (hozircha u nomzodlar ro‘yxatida).

Ekspeditsiyaga Anqara universiteti dotsenti Tuba Tombulog‘lu rahbarlik qilmoqda. Aynan u jamoasi tomonidan topilgan bebaho qadimiy qurilmalar haqida xalqaro hamjamiyatga ma’lum qildi.

Yirik topilmalardan biri — Amir Temur davriga oid istehkom qoldiqlari, shuningdek, ehtimoliy saroy va qurol-aslaha saqlanadigan bino parchalari. Shuningdek, qadimiy zirhlar, dubulg‘alar, pichoqlar, nayza uchlari, keramika va shishadan yasalgan buyumlar ham topilgan. Tombulog‘lu bu topilmalar Shohruxiya o‘z vaqtida yirik metallurgiya, shisha ishlab chiqarish, hunarmandchilik va savdo markazi bo‘lganiga dalil bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Yana bir noyob topilma — 1560-yilga mansub inson skeleti qoldiqlari. Ularning yordamida olimlar o‘sha davr aholisining sog‘ligi va ovqatlanish odatlarini o‘rganishlari mumkin bo‘ladi.

Tadqiqotchilarning xulosasiga ko‘ra, Shohruxiya bir vaqtlar Temuriylar saltanatining garnizonlaridan biri bo‘lgan. 1405-yilda, Temurning O‘trorga qilgan so‘nggi yurishi chog‘ida, bu yerda uning qo‘shinlarining o‘ng qanoti joylashtirilgan bo‘lishi va u o‘zi ham shu yerda to‘xtagan bo‘lishi mumkin.

Afsuski, bugungi kunga kelib qadimiy shahar hududining atigi uchdan bir qismi saqlanib qolgan. Ilgari u 400 gektar maydonni egallagan bo‘lsa, hozirda katta qismi Sirdaryo suvlari bilan yuvilib ketgan. Shaharning qolgan qismlarini himoya qilish va kelajakdagi yemirilishlarning oldini olish zarurati dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Buyuk Shohruxiya haqida faktlar va sanalar

Ushbu hududdagi eng qadimiy shaharlaridan biri hisoblangan Shohruxiyaning tarixi 2000 yildan ortiq davrni o‘z ichiga oladi. Milodiy I asrda u Benaket nomi bilan atalgan va tabiiy mudofaa chizig‘iga ega qal’a sifatida mavjud bo‘lgan. V asrga kelib mustahkamlangan, XII asrda esa 140 gektarga yoyilib, yirik savdo va hunarmandchilik markaziga aylangan. Bu yerda temir va shisha buyumlar ishlab chiqarilgan, IX–XII asrlarda esa mis va kumush tangalar zarb etilgan. Ammo 1220-yilda Chingizxon qo‘shinlari shaharni vayron etgan va u avvalgi qudratini yo‘qotgan.

Amir Temur Benaketni zabt etib, 1392-yilda unga o‘g‘li Shohruxning nomini bergan. Yangidan tiklangan Shohruxiyada yana shisha, temir, to‘qimachilik va sopol buyumlarni ishlab chiqaruvchi ustaxonalar faoliyat yurita boshlagan. Shu tariqa, bu yerda XVIII asrgacha mehnatkash xalq yashab, ishlab kelgan. Ammo ichki urushlar natijasida shahar nihoyat tanazzulga yuz tutadi. Bugun esa faqat tuproqli tepaliklar bu maskanning o‘tmishini eslatib turadi, u hanuz arxeologlar ochib ulgurmagan sirlarini o‘z bag‘rida saqlamoqda.

Arxeologik ekspeditsiya hozir ham o’z faoliyatini davom ettirmoqda. Loyiha O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya markazi, Turkiya tarix jamiyati va TIKA – Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Aloqador Maqolalar