Sur’at: Vagar Ahmad, Visit Alatau
Biz 40 daraja jazirama issiq Toshkentdan Visit Alatau taklifi bilan Qozog‘iston tog‘lariga yo‘l oldik. Tabiat hayratlanarli mehmondo‘stlikni namoyon etdi, tog‘lar bizni salqinlik, yomg‘ir va kamalak bilan kutib oldi. Havo harorati ideal edi, garchi chillaning (issiqlik avj pallasi) muddati hali tugamagan bo‘lsa ham. Biz ikki kunlik turga keldik va bizga aytishdiki, biz shunchaki omadli emishmiz – kecha bu yerlarda hamma quyoshda erib ketayotgan ekan.
Kolsay ko‘llari va Qayindiga qilgan safarimiz silliq asfalt yo‘llarda bo‘ldi va bu ham, manzaralar kabi, hayratlanarli edi – dashtlar, tepaliklar, kanyonlar. Ikki marta to‘xtadik: bir marta shubat (tuya suti) sotib olish va turli ta’mli qurtni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l bo‘yidagi do‘konda tatib ko‘rish uchun, ikkinchi safar esa katta “karvon-saroy” bo‘ldi – u yerda do‘kon, kafe va hojatxona bor edi.
Kolsay ko‘llari “Kolsay kolderi” milliy tabiat bog‘i hududida joylashgan va mintaqaning mashhur turistik obyektlaridan biri hisoblanadi. Bu Shimoliy Tyanshanning ikki ming metr balandligida joylashgan uchta yorqin moviy-yashil ko‘ldir. Tog‘larda uchta shaffof suv kosasi, xuddi kimdir soylarga zumradlardan yasalgan taqinchoqni sochib yuborgandek ko‘rinadi.
U yerga butun Olmaota shahri yig‘ilganga o‘xshardi. Avtoturargohda olmaning tushishiga ham joy qolmagan edi. Odamlar oilalari bilan, juftlik bo‘lib, bolali va bolasiz kelishgan edi. Bu yerda pyerslar ham, ayvonchalar ham, kichik kafelar ham, qahva ichib yomg‘irdan pana olish mumkin bo‘lgan terasalar ham bor. Biz yog‘och so‘qmoq bo‘ylab ko‘l tomon pastga tushayotganimizda, og‘ir bulut ko‘lni qoplab oldi va yomg‘ir yog‘a boshladi. Besh daqiqadan so‘ng esa bu “ko‘r yomg‘ir”ga aylandi va osmon kamalak bilan bezandi. Biz faqat pastki ko‘lni ko‘rdik, uni tyanshan archa o‘rmoni o‘rab turadi, uning chuqurligi 57 metrga yetadi. Bu yerda hatto kamalak forelini ham uchratish mumkin, suv ustida ba’zan chayqalishlar ko‘rinardi.
Quyoshda suv feruza rangida yaltirardi, quyosh bulut ortiga yashirilishi bilan – to‘q zumrad tusga kirardi. Ko‘l bo‘ylab sayr qilish uchun biz katamaranni ijaraga oldik (≈22 dollar). Sokin suv sathi, jimjitlik va kamdan-kam uchraydigan xotirjamlik hissi. Faqat quyosh botishidan oldin ulgurish kerakligi haqidagi o‘y bizni qaytib pierga olib keldi. Sayrdan keyin biz Saty qishlog‘iga qaytdik. U BMTning Butunjahon turizm tashkiloti UNWTO talqini bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi qishloqlardan biri deb tan olingan va hozirda Saty mehmon uylari soni bo‘yicha yetakchi. Bu yerda kichik mehmon uylari oddiy, ammo shinam: 17 dollarga bizni toza karavot, uch mahal ovqat, Wi-Fi va issiq dush kutib turardi. Bizni Hayat Grand nomli uylarni birining egasi – past bo‘yli, baquvvat Bag‘dod ismli kishi qarshi oldi. Uning xotini Farida oshxonani o‘zi boshqarar ekan: birinchi oqshom bizga “yumshoq palov” – shavla tayyorlab berdi, ertasi kuni esa kechki ovqatga qovurma tayyorladi. Men uy egasiga maqola ustida ishlashim kerakligini aytganimda, u xonaga stol va stul olib keldi. Men unga jurnalimizni sovg‘a qildim, u esa avval jurnalni peshonasiga tekkizib qo‘ydi, chamasi, uning muassasasi jurnalimizi sahifalarida joy olishini tilab. Shunday qilib, Olmatidan 300 km uzoqlikdagi Saty qishlog‘ida jurnalimizni topish mumkin. Mening xonamda beshta karavot bor edi, shuning uchun qaysi biriga yotishni tanlayotganimda, men o‘zimni xuddi mitti gnomlarnikidagi Oppog’oydek his qildim.
Ikkinchi kun
Ertasi kuni, nonushtadan keyin, reja bo‘yicha – Qayindi ko‘li (qozoqchadan tarjimasi – Terakli). Mening tuxumim pishguncha, men uy darvozasi oldiga chiqdim. Qarshida shaharlik mashinalar uchun avtoturargoh joylashgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, bu joyda kelganlar mashinalarini qoldirib, “buhanka” – UAZlarga o‘tishar ekan, chunki yengil mashinada ko‘lga yetib bo‘lmaydi. Bizning ortimizdan ham shunday “buhanka” keldi. 15 daqiqadan so‘ng mashina tekis yo‘ldan chiqib ketdi va men o‘zimni kir yuvish mashinasi barabaniga tushib qolgan ping-pong to‘piga o‘xshatdim. Qaltirash meni xursand qildi, ayniqsa, faqat men emas, boshqalar ham o‘rindiqda zo‘rg‘a o‘tirib turganini ko‘rganimda juda kulgili edi. Yo‘l davomida haydovchi bir necha marta to‘xtab, sayyohlarni olib chiqdi: avval Polshadan kelgan guruhni, keyin esa Olmatidan kelgan yoshlarni. Mashina jarlik chetida yurganda yurak hapriqib ketardi, lekin aynan shu hislar safarga yanada o‘tkirlik qo‘shdi. “Yo‘l” oxiriga yetib borgach, biz o‘rmon ichiga, pastga qarab so‘qmoqdan yo‘l oldik. Chorrahalarda oddiygina do‘kondan tuzilgan kichkina rastacha va hojatxona bor edi. Yo‘lda, albatta, hojatxonani ko‘rsang eng ko’p quvonasan. Agar Yevropada bir marotaba kirish uchun bir yevro to‘lansa, bu yerda – 100 tenge (taxminan 19 sent).
Qayindi ko‘li – go‘yo muzlab qolgan ertak kabi. Ko‘l 1911-yildagi kuchli zilziladan keyin paydo bo‘lgan. 1867 metr balandlikda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri darada, uzunligi 600 metr va chuqurligi 24 metrgacha bo‘lgan tublik hosil bo‘lgan. O‘shandan beri suv butun boshli o‘rmonni go‘yo konserva qilib qo‘ygandek – qayin va archa tanalari hozirgacha tubidan chiqib turibdi, go’yoki o‘sha falokatning soqov guvohlari kabi. Muzdek suv hatto yozda ham olti darajadan yuqoriga isib ketmaydi va bu ko‘lni yanada sirliroq qiladi. U katta emas, lekin manzara – shaffof sath va uning ostida cho‘kib yotgan o‘rmon – xotirada abadiy qoladi.

Biz suvga tushdik, bu yerda sur’atga olish uchun bir nechta joylar bor: pirlar, terrasalar. Tashrif buyuruvchilar omadli kadrlar olish uchun navbatda turishardi. Men Xitoydan kelgan bir sayyohlar oilasiga mahliyo bo‘ldim. Ular go‘yo uyning ko’rinishini tayyorlab kelgandek – shunchalik chiroyli tasvirga tushishardi. Bizning navbatimiz kelganda, men ham ular ortidan nimanidir takrorlashga harakat qildim. Suv muzdek edi, bu yerda cho‘milish mumkin emas. Men kaftimni botirdim, nam qo‘limni yuzimdan o‘tkazdim: men bu yerda bo‘ldim.
So‘ng biz yuqori kuzatuv nuqtasiga ko‘tarildik va bu yerdan fantastik manzara ochildi – yalang‘och qayin tanalari suvdan chiqib turgan, go‘yo qotib qolgan soqchilardek. Tepadan manzara sehrlab qo‘yardi. Men meditatsiyada qotib qolgan xitoylik ayol yoniga o‘tirdim. Uni biroz bezovta qilishga to‘g‘ri keldi, lekin menga ham qotib qolib, zavqlanib, baxtni his qilish yoqardi. Atrofda – ihota, yomg‘ir to‘lqinday o‘tib ketdi, o‘rmonning hidi mast qilardi. Yo‘lda gidimiz bizga malina terib berdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda rezavorlar o‘sadi – chakanda, malina, qulupnay, smorodina va ko‘plab dorivor o‘simliklar. Bu yerda o‘tkazilgan bir necha soat yo‘l mashaqqatlarini yengishga arziydigan joy ekanini tushunish uchun yetarli bo‘ldi. Hatto Dimash ham o‘z klipini suratga olish uchun bu joylarni tanlagan.
Orqaga qaytishda chemodanlarni olish uchun mehmon uyiga kirdik, suv zahiraladik, uy egalari bilan xayrlashdik va taassurotlar hamda hayratlarga to‘lib Almatiyga yo‘l oldik.