Sur’atlar: “O‘zbekturizm” tomonidan taqdim etilgan.
Xivaga yo‘l
Tonggi soat beshda “Centrum Air” aviakompaniyasining samolyoti Toshkent ichki aviareyslar aeroportidan ko‘tarildi. Urganchgacha bir soatlik parvoz bir zumda o‘tdi. Ammo aeroportdan shahar tomon yo‘l yurayotib, birdan Xorazmni tanimay qoldim: ikki-uch yil ichida bu joylar butunlay o‘zgarib ketgan – yangi yo‘llar, uylar, vitrinalar. Avtobus bizni yangi “Arda Xiva” turistik majmuasidagi “Karvon Saroy” mehmonxonasigacha olib bordi. Bu yerda bizni to‘yimli nonushta va sayrga chiqishdan oldingi qisqa muddatli hordiq kutib turardi.
Yangi Xiva ustidagi quyosh
Ko‘chaga chiqqanimizda quyosh shunchalar qizdirardiki, go‘yo Ahuromazda o‘zi bizning chidamliligimizni sinayotgandek, issiq shamol esa Zardushtning nomini pichirlardi. Rivoyatlarga ko‘ra, aynan qadimiy Xorazmda zardushtiylikning muqaddas kitobi – “Avesto” yaratilgan, va Xiva shahri ushbu kitobda “Urva” yoki “Urga” deb atalgan. “Avesto” muzeyi aynan Ichan-Qalada, Matpanboy madrasasida joylashgani bejiz emas, u 2700 yildan oshgan kitob xotirasini asrab turadi.
Yo‘ldosh shahar
Ko‘sh-darvoza darvozalaridan kirganingda, go‘yo kichik Xivaga tushgandek bo‘lasan: bu yerda Kalta Minor, o‘rta asr fasadlari va gondolali kanal nusxalari mavjud. Xorazmning Venetsiyasi – osoyishta sayr qilish uchun mo‘ljallangan sokin joy. Biz «Elxoros» zargarlik markaziga yo‘l oldik – u XIX asrda Xiva xoniga tegishli bo‘lgan Chodra Xovli qasrining namunasi asosida qurilgan. Bu yerda konditsionerlar salqini — chinakam najotdir. Biz lift orqali beshinchi qavatga — yangi shahar manzarasini to‘liq ko‘rish mumkin bo‘lgan terrasaga chiqdik. Shu yerda mahalliy sur’atchilar, sayyohlar va yangi turmush qurganlar fotosessiyalar o‘tkazishni yoqtiradi. Aynan shu yerdan yangi shaharning keng miqyosi yaqqol ko‘rinadi. Quyoshning qizdirishiga qaramay, parkda odamlar ko‘p, kafelar esa to‘la edi.

Ichkarida nimalar bor
Bu yerda mehmonxonalar va mehmon uylari, akvaparklar va amfiteatr, kinoteatrlar hamda Chorsu bozori mavjud. Ming kishilik sakkizta zamonaviy mehmonxona, 12 ta mehmon uyi bor. Sayyohlar shu yerning o’zida, hech qayerga chiqmasdan ham dam olishi, sovg‘alar xarid qilishi mumkin. Agarda og‘ir chamadon haqida o‘ylamaganimda, men ehtimol rastalardagi mahsulotlarning yarmini sotib olgan bo‘lardim.
Tarix va hunarmandchilik
“Arda Xiva” nomi “port shahri” degan ma’noni anglatadi. Qadimda Amudaryo Xiva yaqinidan oqib o‘tgan. Vaqt o‘tishi bilan daryo yo‘nalishini o‘zgartirgan, ammo maydoni qariyb 150 gektar bo‘lgan G’ovuk-ko‘l ko‘li saqlanib qolgan. Qadimiy hunarmandlar Ichan-Qal’a qal’asini qurish uchun loyni aynan shu yerdan olishgan, G’ovuk ko‘li atrofidagi joylar esa ustalar va quruvchilarning maskaniga aylangan.

Festival va voqealar
Rasmiy ravishda minglab sayyohlar haqida aytilgan raqamlar o‘rniga shuni aytaman: biz qovun festivaliga tushib qoldik. Chet ellik mehmonlar dastlab qovunni ehtiyotkorlik bilan ta’tib ko‘rishdi, keyin esa yana so‘rashdi. Qovundan tayyorlangan marmeladlar, tarvuzdan tayyorlangan kokteyllar, qovun shaklidagi sumkalar va olovli xorazmcha raqslar — bularning barchasi haqiqiy karnavalni eslatardi.

Taomlar
- Xiva Saroy. Biz bu yerda tuxumbarak ($5,58), ugra sho’rva ($1,75), sazan balig’ini ($7,58) ta’tib ko‘rdik. Menyuda xom go‘shtdan tayyorlangan “Ijjan” tartari (xom g’o’shtli taom)($1,28) ham bor edi, biroq uni ta’tib ko‘rishga jur’at eta olmadik.
- Mirzaboshi terrasasi. Bu yerda bizga shivit oshi — “yashil lag‘mon” taqdim etishdi. U UNESCOning jahon gastronomik merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Uning rangi ukrop (shivit) sharbati sabab paydo bo‘ladi. Bu taom mintaqa ramziga aylangan, biroq bugun uni faqat Xorazmda emas, balki boshqa joylarda ham tayyorlashadi.
- Sofra. Bu restoran faqat oldindan yozilgan mehmonlar uchun mo‘ljallangan. Men borgan paytimda navbatda turganlar soni ko‘p edi. Eng yaxshi joy — ikkinchi qavatdagi ochiq terrasa. Kechqurun bu yerda turk xonandasi Veysel Dülger kuyladi. Jonli musiqa, chiroqlar yorug‘ligi va unutilmas taomlar ta’mi — qo’y go’shtli assorti, shashliklar, dumaloq go’sht bo’lakchalari, to‘yimli va quyuq mastava.
- Xon Ayvon restorani. Arda Xivada yangi terrasа. Endigina ochilgan. Bu yerda bizga somsa, oltin tusda qizarib pishgan xo‘roz go‘shti va qovurdoq — qovurilgan go‘sht bilan kartoshka taqdim etildi. Ayniqsa, kechki muhit juda yoqdi: mayin shamol, tunda yaltirab turgan “Arda Xiva” chiroqlari, kenglik va yulduzlar.
Kechki sayr
“Arda Xiva”dagi ikkinchi kunimiz nihoyasiga yetayotgan edi, ertasi kuni esa orqaga – uyga qaytish yo‘li kutardi. Xon Ayvon terrasasidagi kechki ovqatdan so‘ng biz gondolachi (qayiqchi)lar stansiyasi yonidan o‘tdik: ular allaqachon kechga tayyorgarlik ko‘rishar, eshkaklarni yig‘ishar, baxmal o‘rindiqlarni yechishar, uzoq ish kunidan keyin sekin suhbatlashar edi. Biz ulardan kanalda sayr qildirishni so‘radik, ular esa yarim tun bo‘lishiga qaramay rozi bo‘lishdi. Ehtimol, eski o‘zbek maqoli ish bergandir – “Mehmon mezbonga aziz”. Biz qayiqda o‘tirdik, parkdagi chiroqlar hali yonib turardi, ularning nuri suvda aks etardi. Uzunligi ikki yarim kilometr bo‘lgan kanal bo‘ylab suzish zavqlantirardi – go‘yo yigirma daqiqa davom etadigan tinchlik va go‘zallik edi. Yarim tunga yaqin sayyohlar allaqachon tarqalib ketishgan, muhit esa o‘zgacha, deyarli sirli tus olgan edi. Eng kuchli taassurot esa biz Chorsu bozori gumbazi ostidan suzib o‘tgan paytimizda bo‘ldi.
Men o‘ylaymanki, yana yigirma yil o‘tib, bu yerda ekilgan yosh daraxtlar ulg‘ayib, “Arda Xiva”ni yam-yashil, soya-salqin vohaga aylantiradi. Va men yana qovun festivaliga – Xorazmning ming xil ta’mini, yuzlab navlarini ta’tib ko‘rish uchun kelaman.